Smartfonlarimiz nima uchun borib-borib sekin ishlashni boshlaydi?

Smartfonlarimiz nima uchun borib-borib sekin ishlashni boshlaydi?

E’tibor bergan bo‘lsangiz, android smartfon yangi xarid qilingan vaqtida juda tez va chaqqon ishlaydi. Biroq bir muddat o‘tgandan keyin smartfon dasturining ishlashi sekinlashadi, samaradorligi kamayadi. Xo‘sh, bunga sabab nima? Gap shundaki, qo‘lingizda telefonning tezkor xotirasi hajmi o‘rtacha segmentdagi kompyuterlarning tezkor xotirasi bilan barobar yoki undan ham ko‘p. Tasavvur qiling, qo‘lingizda shunchaki telefon emas, balki kompyuter joylashgan. Shu bois uning dasturida juda ham ko‘p jarayonlar bajariladi. Ko‘pincha telefonning qotishiga mos bo‘lmagan zararli ilovalar, dasturning eskirishi yoki noto‘g‘ri foydalanish sabab bo‘lishi mumkin.
Sizga smartfonning har doim chaqqon ishlashini ta’minlash uchun yordam beradigan profilaktika usullari bilan tanishtirib o‘tamiz.

Dastur fonidagi jarayonlar. Smartfonga juda ko‘p ilovalarni yuklash uning ishini sekinlashtiradi. Ilovani yopganingiz bilan u baribir fonda ishlab, xotirani band qilib turaveradi. Ayniqsa, agar haddan tashqari ko‘p ilovalar o‘rnatilgan bo‘lsa, bu telefon samarali ishlashiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Bunday keraksiz ilovalarga jonli oboylar va vidjetlarni kiritish mumkin. Buning oldini olish uchun zaruriy bo‘lmagan ilovalarni telefondan o‘chirib yuborish lozim. Telefonni ishlab chiqaruvchi parametrlariga(Factory Data Reset) qaytarish bu muammoda juda katta yordam beradi.

Dasturiy ta’minotni yangilash. Juda ko‘p foydalanuvchilar telefon dasturiy ta’minotini yangilab turmaydilar. Yuqorida aytilganday, smartfonning dasturi katta hajmli va doim profilaktika talab qiladi. Ishlab chiqaruvchilar zaruratga qarab dastur yangilanishlarini chiqarib turishadi. Ayniqsa, so‘nggi paytda Google va Samsung har oyda dastur yangilanishlarini taqdim qilishmoqda. Xavotir olmang, dasturiy ta’minotni yangilash uchun «Malika»ga borish yoki birovdan iltimos qilish shart emas! Buni shunchaki internetga ulangan holda telefon sozlamalarida amalga oshirsa bo‘ladi. Yangilanishlar dasturning himoyasini oshiradi, versiyasini yangilaydi, qo‘shimcha imkoniyat va funksiyalarni taqdim etadi.

Doimiy xotiraning to‘lishi. Odatda, telefonning doimiy xotirasi to‘lig‘icha band bo‘lganda, uning ishlashi sustlashadi. Shu sabab telefondagi fayllarni tekshiring, zarur bo‘lmaganlarini o‘chirib tashlang yoki qo‘shimcha SD-kartaga o‘tkazing. Telefon sozlamalarida kesh-fayllarni o‘chirishni unutmang!

Yuqoridagi birlamchi profilaktika usullariga amal qilsangiz, telefoningiz qotmasdan, yelib-yugurib xizmatingizni bajaraveradi. Unutmang, smartfon bu shunchaki telefon emas, u katta imkoniyatlarga ega bo‘lgan gadjet. Shu bois uning tez va yaxshi ishlashi, ko‘pincha, o‘zingizga bog‘liq.

O‘QING: Telegram’ning yangilangan iOS-ilovasida qanday afzalliklar bor?Dastur fonidagi jarayonlar.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.