“Stiv Jobs” muallifi: “Apple endi eng ilg‘or kompaniya emas”

“Stiv Jobs” muallifi: “Apple endi eng ilg‘or kompaniya emas”

Apple korporatsiyasi asoschichi Stiv Jobs hayotiga bag‘ishlangan ilk rasmiy tarjimai hol kitobining muallifi – Uolter Ayzeksonning fikricha, Apple qo‘lga kiritayotgan yutuqlar Google hamda Amazon kompaniyalari erishayotgan muvaffaqiyatlar qarshisida soyada qoladi. Muallif bu to‘g‘rida Amerikaning CNBS telekanali bilan o‘tkazilgan intervyu chog‘ida ma’lum qilgan.

Ayzeksonning aytishicha, Google va Amazon innovatsion g‘oyalarni ilgari surishda Apple’dan o‘zib ketib, bugun IT-kompaniyalar orasida yaqqol yetakchilik qilishmoqda. Jumladan, Ayzekson “olma” korporatsiyasi ishlab chiqqan Siri aqlli tizimining faqat mobil platforma bilan cheklanganligini aytdi. Vaholanki, Amazon Echo va Google Home kabi, bu yordamchidan uy sharoitida ham yaqin yordamchi sifatida foydalanish mumkin.

«Apple endi eng innovatsion kompaniya degan nomni yo‘qotdi, – deydi yozuvchi . – Ular boshqalarning mahsulotlaridan foydalanishni ma’qul ko‘rishmoqda. Misol uchun, virtual voqelik texnologiyasi masalasida Apple’day kompaniyaning Google hamda Amazon mahsulotlaridan foydalanishi taassufli holat».

Ayzekson Google’ning uyda foydalaniladigan aqlli tizim va yordamchi vositalarning yaratishiga ham ijobiy baho bergan. Bu masalada ham Apple qoloq. Uning so‘zlariga ko‘ra, Stiv Jobs doimo sanoatni va bozorni o‘zgartirib yuboradigan g‘oyalarni ilgari surgan.

«Bugungi qoloq faoliyat Apple’dek qudratli kompaniya uchun achinarli. Boisi, u qonidagi ilg‘orlik bilan tirik», – deydi Uolter Ayzekson. Muallif 3 yil avval ham iPhone ishlab chiqaruvchisi munosib yetakchiga ega bo‘lmagani, Tim Kukning Apple’dagi yo‘lboshchiligi xato qaror ekanini aytgan edi.