Tanlovda qatnashib, 17 million so‘mgacha yutib oling!

  •   DiMaX
  •  2401
  •  30.03.2018 13:49

Tanlovda qatnashib, 17 million so‘mgacha yutib oling!

O‘zbekistonda har yili maktab yoshidagi iqtidorli o‘quvchilar o‘rtasida matematika, fizika va informatika fanlarini integratsiyalashgan holda qamrab olgan ko‘rik-tanlov 1 aprel kunidan boshlanadi. Bu tanlovda O‘zbekiston Respublikasi hududidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 10-11-sinf o‘quvchilari qatnashishlari mumkin, deb yozadi Toshkent shahridagi Inha universiteti sayti.

O‘QING: Toshkentda «sun’iy ong» bo‘yicha bolalar uchun Google’ning bepul kursi ochilmoqda

Mazkur tanlovning asosiy maqsadi – ulug‘ alloma Muhammad al-Xorazmiyning buyuk va bebaho merosini qadrlash, uni yosh avlod ongiga chuqur singdirish, o‘quvchilarning aniq fanlarning yuksak marralarini zabt etishiga ko‘maklashish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi iqtidorlarini aniqlash hamda qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishdan iborat. 

Tanlov uch bosqichda o‘tkaziladi, deyiladi xabarda. Birinchi bosqich maktablar miqyosida 1 apreldan 10 aprelga qadar o‘tkaziladi. Mazkur bosqichda o‘quvchilar uchta fan bo‘yicha http://www.matfiz.uz/ saytida onlayn-test topshiradilar: matematika, fizika va informatika. 80 va undan yuqori ball to‘plagan o‘quvchilar ikkinchi bosqichga yo‘l olishadi.

Ikkinchi mintaqaviy bosqichda birinchi bosqichda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar matematika, fizika, informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan integratsiyalashgan holda amaliy masalalarni yozma topshiradilar. 75 va undan yuqori ball to‘plagan o‘quvchilar final bosqichiga yo‘l olishadi. Ikkinchi bosqichning o‘tkazilish sanalari qo‘shimcha tarzda tanlov saytida e’lon qilinadi.

O‘QING: Inha universiteti talabalari Huawei’ga ishga joylashishlari mumkin

Uchinchi final bosqichi iyun oyida Toshkent shahridagi Inha universitetida bo‘lib o‘tadi. Mazkur bosqichda ishtirokchilar matematika, fizika, informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan integratsiyalashgan holda amaliy masalalardan yozma ish topshiradilar.

Tanlovning uchinchi final bosqichi sovrindorlari «Muhammad al-Xorazmiy izdoshlari» nomli mukofot (statuetka)ni qo‘lga kiritishadi. Shuningdek, birinchi o‘rin sohibi eng kam oylik ish haqining 100 baravari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi, bu esa 17.224.000 so‘mga tengdir. Tanlovdagi ikkinchi o‘rin egasi eng kam oylik ish haqining 75 baravari va uchinchi o‘rin sohibi – 65 baravari miqdorida pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

O‘QING: O‘zbekistonlik xohlovchilar “Oracle akademiyasi”da bepul o‘qiydilar