Telegram’dagi eng yaxshi botlar (2-to‘plam)

  •   DiMaX
  •  13199
  •  29.03.2017 12:16

Telegram’dagi eng yaxshi botlar (2-to‘plam)

Kuzatuvchilarning fikricha, messenjerlar yaqin orada ijtimoiy tarmoqlardan ham ko‘proq ommaviylashib ketadi. Shulardan O‘zbekistonda eng keng tarqalganlaridan biri Telegram hisoblanadi.

Mazkur messenjerning qiziq imkoniyatlaridan biri botlar bilan ishlashi bo‘lsa kerak. Biz qiziqarli va foydali botlarning ro‘yxatini avvalgi maqolamizda o‘quvchilarimizga tavsiya etgandik. Bugun navbat shuning davomiga – Telegram botlarining ikkinchi to‘plamini e’tiboringizga havola qilamiz!

Weatherman

Smartfoningizdagi ob-havoni ko‘rsatuvchi ilovalarni endi o‘chirib tashlasangiz ham bo‘laveradi: mazkur bot sizga bu boradagi kerakli ma’lumotlarni yetkazib turadi. Yana bu xabarni kunning qaysi payti olishni istasangiz, shuni sozlamalarda belgilab qo‘yasiz va har kuni shu vaqtda kerakli ma’lumot sizga yetkaziladi. Bugungi, ertangi va besh kunlik ob-havo ma’lumotini berishdan tashqari, unda avtomatik bildirishnomlar funksiyasi ham mavjud.

MyCookBot

Kechki ovqatga nima tayyorlashni bilmayapsizmi? Mana shu botni kontaktlaringizga qo‘shib qo‘ysangiz, keyin oshxonada ikkilanib turmaysiz!  Sizga retseptlarni yetkazib beradi, yana eng yaxshi tomoni – o‘zingizda bor masalliqlar ro‘yxatini yuborsangiz, bu bot o‘shalardan nimalar pishirish mumkinligini ko‘rsatadi. Yoqimli ishtaha!

TempMail

Turli saytlar va servislarda ro‘yxatdan o‘tayotib, o‘z elektron pochtangiz manzilini berasiz. Keyin esa pochtangizga o‘sha saytdan turli keraksiz yangiliklar, spamlar kelaverib bezor qiladi… Tanish holatmi? Bundan qutulishga mana shu bot yordamga keladi – u sizga vaqtinchalik elektron pochta manzili ochib beradi. Saytda ro‘yxatdan o‘tib bo‘lgach esa bu manzilni esdan chiqarib yuboraverasiz – 10 daqiqadan so‘ng u o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketadi.

PronunciationBot

Xorijiy tillar bilan ishlaydiganlar yaxshi bilishadi – so‘zlarning talaffuzida ko‘p adashamiz. Mana bu bot esa naq 84 tildagi istalgan so‘zning qanday talaffuz etilishini biladi! Shunchaki, unga so‘zni yoki jumlani yozib yuborasiz va javob sifatida ovozli xabar olasiz. Mazkur bot guruhli chatlarda ishlaydi. Talaffuzni aniqlashtirishdan tashqari, u biror matndan audiofayl yasash uchun ham kerak bo‘ladi.

YouTube Downloader

YouTube’dan videoroliklarni ko‘chirib olishning turli yo‘llari bor, masalan, Android qurilmaga va kompyuterga videolarini yuklab olish yo‘llari haqida avval ham maqola chop etganmiz. Yana bir usuli – ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Telegram orqali ham olsa bo‘ladi. Buning uchun mazkur botga kerakli videolavha manzilini yuborasiz, tasvir sifatini tanlaysiz va javoban sizga uni ko‘chirib olish uchun yaratilgan havola keladi.

InstaSave

Ha, Instagram tarmog‘idan foto va videolarni ko‘chirib olish YouTube’dan olishga qaraganda birmuncha murakkabroq. Biroq ushbu bot yordamida buni sanoqli soniyalarda amalga oshira olasiz. U ham xuddi yuqoridagi bot kabi ishlaydi – kerakli tasvirning manzilini yuborasiz va javobida sizga mediafayl keladi. Yaxshi tomoni – u YouTube’dan ham kerakli videolarni olib jo‘nata biladi.

Gifs.com Bot

Mediafayllar haqida gap ketganda, GIF-fayllarni eslamaslikning iloji yo‘q. Telegram’da ular ko‘p tarqalgan, ularni miriqib tomosha qilasiz va yaqinlaringizga yuborasiz. Biroq o‘zingiz ham shunday harakatli rasm yasay olishingiz mumkinligini bilasizmi? Bunda sizga mana shu bot yordamga keladi. U istalgan videoservisdagi (Instagram, Vine, Facebook, Twitter, Gfycat…) videofayl manzilini mazkur botga yuborsangiz bas…

TriviaBot

Bu – savol-javoblar viktorinasi boti. Unda ingliz tilida savollar va javob variantlari beriladi.

Chuck Norris Jokes

Ko‘ngilochar hazillar yuboruvchi bot. Nomidan ham anglagan bo‘lsangiz kerak: u mashhur aktyor, jangovar san’atlar ustasi Chak Norris haqida hazillar yuboradi. O‘rniga o‘zingizning yoki do‘stingizning ismini qo‘yib, do‘stlaringizga yuborib hazillashsangiz bo‘ladi.

Files Bot

Fayllar bilan ishlashga yordam beruvchi bot. U fayllaringizni saqlash va boshqa foydalanuvchilar bilan bo‘lishishda qo‘l keladi.

Andy | Learn English

Ingliz tilida so‘zlashuv mahoratingizni oshirish uchun qulay bot. U bilan muloqot qilish qiziqarli: hazillar yuboradi, savollar beradi, o‘zi javob beradi… Xullas, hazil-huzul bilan yangi so‘zlarni o‘zlashtirasiz, grammatikani o‘rganasiz va so‘z boyligingizni oshirasiz.

Wolfram Alpha

Bu – wolframalpha.com saytining boti, u matematika bo‘yicha eng murakkab savollar va masalalarga javob topib beradi. Talabalar uchun kerakli botlardan biri.

«Chto? Gde? Kogda?»

Shu nomdagi teleo‘yindagi kabi murakkab mantiqiy savollar beruvchi o‘yin boti. Qani, Google yoki boshqa yordamchi ko‘magisiz o‘z bilimdonligingizni bir namoyish etib ko‘ring-chi?

O‘ynab o‘rgan

Ingliz tilidagi eng faol uch mingta so‘zni o‘rganishga yordam beruvchi bot. Yaxshi jihati – savollarga javob berish orqali o‘rganiladi, oltita turli murakkablik darajasi mavjud. To‘g‘ri/noto‘g‘ri javoblar statistikasini ko‘rish imkoni bor. Yana teskari yo‘nalishda – ruscha so‘zlarga javoban inglizchasini yozish o‘yini ham bor.

Eng telbanamo yangiliklar

Ha, rostdan shunaqa – dunyoda sodir bo‘layotgan ahmoqona voqea-hodisalar haqida kunlik yangiliklar to‘plamlarini berib boradi.

Yuqoridagi botlardan tashqari, texnologiyalar olamidagi yangiliklar, maslahatlar, narxlar va tavsiflar berib borilayotgan @terabaytuz kanalini ham yaxshi bilasiz-a?