Telegram yangilandi: Android uchun keng imkoniyatlar!

  •   DiMaX
  •  3797
  •  31.10.2017 16:44

Telegram yangilandi: Android uchun keng imkoniyatlar!

Ommabop Telegram messenjerining Android operatsion tizimi boshqaruvi ostidagi qurilmalarga mo‘ljallangan ilovasi 4.4.2 talqinigacha yangilandi. Undagi ayrim o‘zgarishlar haqida Telegram Live kanali xabar bergan.

Telegram’dagi o‘zgarishlardan eng muhimlari qatorida quyidagilarni sanab o‘tish mumkin:

  • Messenjerning o‘zidagi YouTube pleyeri ko‘rinishi o‘zgartirilgan. Bu Google talabiga binoan amalga oshirilgan.
  • Endi superguruh va kanal yaratuvchisi tashkil etilgan chatni o‘chirib yubormasdan turib, uni tark etishi mumkin. Bu esa kanal yoki superguruhning boshqaruvini boshqa foydalanuvchiga topshirish imkonini beradi. Lekin yangi egasi mazkur hamjamiyatning turi yoki manzilini o‘zgartira olmaydi. DIQQAT: ayni damda bu funksiyaning bitta nuqsoni bor: kanalning yaratuvchisi, agarda unda yagona ma’mur yoki foydalanuvchilarni kanalga taklif etish huquqiga ega yagona shaxs bo‘lsa, u holda o‘zining kanalga taklif etuvchi havolasi orqali qayta kira olmaydi. Mazkur kamchilik yaqin orada tuzatilsa kerak.
  • Superguruh va kanallardagi yozishmalar ilgari fon rejimida yuklana olmas edi, bu kamchilik ham bartaraf etilgan.
  • Maxfiy kanal yoki guruh yaratuvchisi undan chiqib ketsa, o‘sha guruh yoki kanalga eltuvchi havola ishlamay qoladi. Shuningdek, to qaytib kirgunicha undagi yozishmalar tarixi ham uning uchun yo‘qolib qoladi.
  • Maxfiy bo‘lmagan chatlardagi shaxsiy yozishmalarda o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketuvchi fotosurat va videolavhalar yuborish imkoniyati taqdim etilgan.
  • Videoredaktor va fotoredaktor yangilangan.
  • Endi foydalanuvchi o‘zi haqida qisqa ma’lumot (70 tagacha belgi bilan) kiritib qo‘yishi mumkin.
  • Chatda endi stikerlar va emodzilar ro‘yxatini to‘liq ekranda ochish imkoniyati mavjud.
  • Instant View rejimidagi maqolada yuqoriga-pastga surish (prokrutka) chiziqchasi paydo bo‘lgan.
  • Yangicha shifrlangan CDN evaziga, katta (100 000 dan oshiq a’zosi bo‘lgan) ommaviy kanallarda mediafayllarning yuklanishi tezroq kechadi.

Xullas, Telegram messenjerining Android-ilovasi 4.4.2 talqinidagi o‘zgarishlar asosan shulardan iborat.

Shuningdek, Telegram’dagi eng ishonchli va foydali kanallar ro‘yxati bilan ham tanishib chiqishni tavsiya etamiz.