Telegramning kelajagi qanday? Joriy yilda u o‘z kriptovalyutasiga ega ulkan biznes maydoniga aylanadimi?

Telegramning kelajagi qanday? Joriy yilda u o‘z kriptovalyutasiga ega ulkan biznes maydoniga aylanadimi?

“2018 yil Telegram uchun ajoyib yil bo‘ldi, biroq 2019 yil kompaniyamiz tarixida eng muhim yil bo‘ladi”, deydi Pavel Durov ishonch bilan. Yanvar oyi davomida telegramchilar jamoasi TON blokcheynining ishlaydigan versiyasini va uning asosidagi mahsulotlarni investorlarga taqdim qilishi lozim.

Telegram bu yangiligi bilan reklama sohasida javlon urayotgan IT-monopolistlarning tomorqasiga bostirib kirayotgani ma’lum bo‘lib qoldi. Shunday qilib, qadrdon messenjerimizda yuz beruvchi o‘zgarishlarni ikkiga bo‘lamiz.

Birinchi o‘zgarish Telegram Open Network (TON) blokcheyn-platformasi hamda Gram kriptovalyutasi bo‘lib, u Telegram Wallet maxsus hamyonida saqlanadi. TONning barqaror versiyasi va hamyon 2018 yilning oxirgi choragida ishga tushishi kerak edi, ammo investorlarga yuborilgan oxirgi xatda 2019 yil martiga mo‘ljallanayotgani aytilgan.

Ikkinchi o‘zgarish ko‘plab funksiyalar qo‘shilishi bilan bog‘liq bo‘lib, uni telegramchilar hamjamiyati anchadan beri  muhokama qilmoqda. Ayrim o‘zgarishlar kriptovalyuta bilan bog‘liq emas, xususan: Telegram bloklangan vaqtda barqaror ishlashi, VoIP qo‘ng‘iroqlar sifati yaxshilanishi, kanallarni chatdan ajratish yoki foydalanuvchini ortiq qiziqtirmaydigan yozishmalarini arxivlash imkoniyati.

Biroq aynan TON va Gram Telegramning biznes o‘zagini tashkil etadi: tokenlarning oldindan sotilishidan Telegram 1,7 mlrd dollar jamg‘ardi. TONga hammasi bo‘lib 200 nafar insestorni ishontirishga muvaffaq bo‘lishdi, ular orasida o‘sha mashhur milliarder Roman Abramovich ham bor. Gap-so‘zlarga ko‘ra, Silikon vodiysining yirik fondlari ham telegramchilarga pul tikishni rejalashtiryapti.

ICO Telegramning qo‘ygan sharti e’tiborga molik: agar shu yilning 31 oktyabrigacha blokcheyn-platforma ishga tushirilmasa, sarmoyachilar pulini qaytarib olishi mumkin.

TON blokcheyn platformasiga oid hamma yangiliklar @Tgram kanalida berib borilmoqda. Keling, yangi biznes maydoniga oid ba’zi yangiliklarni sanab o‘tamiz.

  • TON 90 foiz tayyor, loyiha shu yilning dastlabki 2-3 oyida ishga tushadi.
  • Testnet sinov versiyasi yanvardayoq ishga tushishi lozim, siz bu xabarni o‘qiyotganingizda, ehtimol, ishga tushgan.
  • Platformaning Mainnet ishchi versiyasi shu yilning martida jamoatchilikka taqdim etiladi.

Darvoqe, Pavel Durov shu kunlarda Shveysariyada davom etayotgan Davos iqtisodiy forumida investorlar oldida chiqish qilishi mumkin.

IT biznes sohasini chuqur bilmaydiganlar Telegram qayerdan pul ishlashi haqida savol berishlarini uchratamiz. Hurmatli o‘quvchi, kuting, Telegram o‘z valyutasiga ega ulkan bozor, nafaqat, bozor, biznes maydoniga aylanadigan kunlar yaqin. Shunda yuqoridagi savollarga osongina javob qaytarishimiz mumkin bo‘ladi.

O‘QING: Telegram’da buyuk yangilanish: qanday yangi imkoniyatlar bor?

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!