TOP-10: mart oyidagi eng zo‘r Android-ilovalar

  •   DiMaX
  •  5350
  •  02.04.2018 11:44

TOP-10: mart oyidagi eng zo‘r Android-ilovalar

Bugun «yashil robotchali» gadjetlar foydalanuvchilari orasida mart oyida ommalashgan dasturlarni ko‘rib chiqamiz. Ulardan ayrimlari siz uchun yangilik bo‘lsa, boshqalari avvaldan tanish bo‘lishi ham mumkin.

O‘QING: Xushxabar: Google Maps’ga 39ta yangi, jumladan, o‘zbek tili ham qo‘shildi!

1. Clap To Find My Phone

Uyda yoki ishxonada ko‘pincha telefonini qayerga qo‘yganini eslay olmasdan, izlab yuruvchilar bor. Ular smartfonini topish uchun boshqa biror raqamdan unga qo‘ng‘iroq qilishlariga to‘g‘ri keladi, lekin shu paytda yaqin atrofda boshqa telefon ham bo‘lmasa-chi? Bunaqa holatlar uchun maxsus Clap To Find My Phone ilovasi ishlab chiqilgan. Smartfonga o‘rnatib olib, ishga tushirib qo‘ysangiz, bu dastur fon rejimida jimgina ishlab turadi, uning borligiyam sezilmaydi. Lekin telefoningizni topish kerak bo‘lib qolsa, shunchaki qarsak chalsangsiz kifoya – u baland ovozda signal chala boshlaydi.

Clap To Find My Phone ilovasini mana bu havola orqali yuklab olish mumkin.

2. Deezer Music

Deezer Music servisi hozircha Google Play yoki Spotify kabi keng ommalashgan emas, ammo bir qator afzalliklarga ega. Uning algoritmlari sizning musiqiy didingizdan kelib chiqqan holda so‘ngsiz pleylistlar tuzib taqdim etadi. To‘g‘ri, «Google Play Musiqa» hamda Apple Music servislarida ham shunga o‘xshash funksiyalar bor, ammo pulli. Deezer Music’da esa, garchi ayrim cheklovlar bilan bo‘lsa-da, shu kabi funksiyalar bepul taqdim etiladi. Shuningdek, bu ilovada ingliz tilli podkastlar va efir stansiyalari ham mavjud.

O‘QING: Ucell’ning «Musiqiy bahor» aksiyasi: Zvooq ilovasida sifatli musiqalardan bepul bahra oling! (+video)

Deezer Music ilovasini smartfoningizga mana bu havola orqali o‘rnatib olsangiz bo‘ladi.

3. Memorado

Bu – bugungi kunda ko‘pchiligimiz uchun kerakli ilovalardan biri; u kishining xotirasini, diqqatni jamlashini va miyaning reaksiya bildirishini yaxshilashga mo‘ljallangan. Memorado 15 ta turli o‘yinlarning jami 450 bosqichini o‘z ichiga olgan dasturdir. Ulardagi ko‘rsatkichlaringiz asosida statistika yuritiladi; unga qarab, fikrlashingiz qanchalik o‘sib borayotganini o‘zingiz ham yaqqol ko‘rasiz.

Memorado ilovasini smartfoningizga ko‘chirib olish uchun mana bu havola orqali o‘tasiz.

4. Jefit

Jismoniy mashqlar, tanani chiniqtirishga mo‘ljallangan trenirovka ilovalari orasida Jefit o‘zining sifatliligi va universalligi bilan ajralib turadi. Ushbu ilovaning katta bazasiga turli mashqlar hamda ularning bajarilish texnikasi haqida batafsil ma’lumotlar kiritilgan. Shular asosida o‘zingizga mos trenirovka dasturingizni tuzib chiqishingiz ham mumkin.

Android-telefoningizga Jefit ilovasini ushbu havola orqali o‘rnatib olish imkoni mavjud.

5. Radio Garden

Onlayn radiostansiyalarni topib tinglashga mo‘ljallangan qiziqarli ilova – ular Yer sayyorasining 3D-modelida ko‘rsatiladi. Ilova ekranidagi Yerni aylantirasiz va tinglash mumkin bo‘lgan radiostansiyalarni izlaysiz. Istalgan birining ustiga bosib, tinglashni boshlaverasiz. Yoqib qolganini esa tanlanganlar ro‘yxatiga qo‘shasiz. Shuningdek, bu ilovada ancha oldingi yillar qo‘shiqlarini topib tinglash imkoni ham bor. Shu tarzda radioto‘lqinlar og‘ushida makon va zamon osha musiqiy sayr qilasiz.

Radio Garden dasturini smartfoningizga mana bu havola orqali o‘rnatib olishingiz mumkin.

6. Battle Boom

Joriy yilning mart oyida ko‘plab yaxshi mobil o‘yinlar ishlab chiqildi, ular orasida Battle Boom ilovasi e’tiborga loyiq. A’lo darajadagi grafika va animatsiyaga ega bo‘lgan bu o‘yinda foydalanuvchiga turli jangovar texnikalar va maxsus xizmat jangchilari taqdim etiladi. Xullas, shiddatli jang va oqilona strategiyalarni xush ko‘ruvchi geymerlar uchun ajoyib topilma.

Qurilmangizga Battle Boom jangovar o‘yinini ushbu havola orqali yuklab olishingiz mumkin.

7. SoundHound

Mashhur Shazam ilovasiga o‘xshash SoundHound ham ajoyib imkoniyatlarga ega: u nafaqat pleyerda ijro etilayotgan musiqani, balki hatto o‘zingiz xirgoyi qilgan qo‘shiqni ham aniqlab, uning nomi, asl ijrochisi va boshqa ma’lumotlarini taqdim etadi. SoundHound servisining asosiy o‘ziga xosliklaridan biri – real vaqt rejimida qo‘shiq matnini kuzatib bora oladi. Bu ilova mutlaqo bepul, ammo reklama bannerlari bor.

Smartfoningizga SoundHound dasturini o‘rnatib olish uchun mana bu havola orqali o‘tishingiz mumkin.

8. TrackView

Android tizimli smartfon yoki planshet orqali videokuzatuvni yo‘lga qo‘yish uchun TrackView eng maqbul dasturlardan biridir. Bu ilova foydalanuvchini nafaqat kamera oldidagi harakatlardan, balki shubhali ovozlardan ham xabardor etib turadi. Biror shubhali faollik kuzatilsa, tasvirni yozib olish avtomatik ravishda boshlanadi, ammo bu funksiyani biror vaqt uchun yoki umuman o‘chirib qo‘yish imkoni ham bor. TrackView yozib olgan tasvirlar «Google Disk» servisiga jo‘natiladi, shu bois hatto qurilmani ataylab buzishsa ham, u yozib olgan videolavhalar saqlanib qolaveradi.

TrackView ilovasini mana bu havola yordamida gadjetingizga o‘rnatib olsangiz bo‘ladi.

9. PUBG Mobile

PlayerUnknown’s Battlegrounds desktop versiyasi o‘tgan yilning eng yaxshi o‘yinlaridan biri bo‘ldi. Tahlilchilar fikricha, bu o‘yinning mobil talqini ham shunday ommalashuvi kutilayotir. U original dasturning barcha funksiyalarini taqdim etishidan tashqari, butkul bepul ham!

O‘yin ishqibozlari o‘z devayslariga PUBG Mobile ilovasini mana bu havola orqali yuklab olishlari mumkin.

10. Terabayt.uz

Sevimli saytingizdagi yangi xabarlar, maqolalarni tezkorlik bilan sizga yetkazib turuvchi ilova. O‘zining tezkorligi, boshqa kontentlarga chalg‘ishning oldini olishi bilan ham bu ilovadan foydalanish brauzer orqali saytimizga kirishdan ko‘ra afzalroq.

Agarda shu paytgacha smartfoningizga Terabayt.uz ilovasini o‘rnatib olmagan bo‘lsangiz, buni to‘g‘rilash uchun ushbu havola orqali o‘ting.

O‘QING: AliExpress’dagi tovarlarga «Terabayt.uz» orqali buyurtma bering!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.