To‘qqizta Xiaomi smartfoni MIUI 12.5 Enhanced'ga o‘tmoqda

To‘qqizta Xiaomi smartfoni MIUI 12.5 Enhanced'ga o‘tmoqda

Xiaomi kompaniyasi Xitoyda 13 avgustdan boshlab tanlangan smartfonlarga MIUI 12.5 Enhanced proshivkasini yuborishni boshlagan edi va jarayonning birinchi bosqichi kecha yakunlandi.

O‘QING: MIUI foydalanuvchilari soni 450 millionga yetdi. Xiaomi 22 ta mamlakatda yetakchilik qilmoqda

Bugun esa o‘zgacha yangilik bo‘lmoqda — kompaniya o‘z interfeysining Enhanced talqini global smartfonlarga ham jo‘natilishini ma’lum qildi.

Quyidagi smartfonlar joriy yilning oxirgi choragida (oktyabr–dekabr oylarida) yangi proshivkani qabul qila boshlaydi:

• Xiaomi Mi 11
• Xiaomi Mi 11 Ultra
• Xiaomi Mi 11i
• Xiaomi Mi 11X Pro
• Xiaomi Mi 11X
• Xiaomi Mi 10T Pro 5G
• Xiaomi Mi 10T 5G
• Xiaomi Mi 10 Pro 5G
• Xiaomi Mi 10 5G

E’tibor bering, Xitoy uchun chiqarilgan va yangilanishni qabul qiluvchi smartfonlar ro‘yxati bundan kengroq. Mazkur smartfonlarning global versiyasi ham bo‘lib, Xiaomi keyinchalik yuqoridagi ro‘yxatni yangilab, ko‘proq qurilmalarga MIUI 12.5 Enhanced qobig‘ini yuborishi mumkin.

Nomidan ham ko‘rinib turganidek, mazkur interfeys o‘tgan yili dekabrda taqdim qilingan MIUI 12.5'ning kuchaytirilgan versiyasidir. Proshivkada yuzlab xatoliklar tuzatilgan, kamchiliklar bartaraf etilgan, lekin interfeys ta’rifida kompaniya asosiy urg‘uni optimizatsiya va uzoq xizmat muddatiga qaratmoqda.

«Atomik Xotira» operativ xotirani optimallashtirib, fonda ko‘proq ilovalar ishlashiga imkon yaratadi. Yana bir optimallashuv sabab CPU yuklamasi 15% ga, quvvat sarfi esa ba’zi holatlarda 8% ga kamayadi.

«Suyuq Xotira» esa ichki xotirani optimal holatda ushlab turadi. Vaqt o‘tishi bilan ichki xotira ishlashi sekinlashib boradi; Xiaomi'ning aytishicha, xotiraga yozish/xotiradan o‘qish unumdorligi smartfondan 36 oy foydalangandan so‘ng atigi 5% ga kamayadi.

O‘QING: Xiaomi Mi NoteBook Pro va Mi NoteBook Ultra flagman noutbuklari taqdim etildi