«To‘rtko‘z» Lenovo K9 taqdim etildi: dizayni flagmancha, xususiyatlari o‘rtacha, narxi esa atigi 123 dollar!

  •   DiMaX
  •  1241
  •  17.10.2018 09:29

«To‘rtko‘z» Lenovo K9 taqdim etildi: dizayni flagmancha, xususiyatlari o‘rtacha, narxi esa atigi 123 dollar!

Yuqori texnik jihatlarga ega flagmanlardan ko‘ra o‘rta narxli va hamyonbop smartfonlarning xaridori ko‘p bo‘lishi tabiiy. Ishlab chiqaruvchilar shuni ham inobatga olishadi va o‘z assortimentlarida arzon modellarga ham e’tibor berishadi.

O‘QING: Terashop.uz’dan 999 000 so‘mgacha narxga qanday smartfonlar olish mumkin?

Xitoylik smartfonsozning Lenovo K9 smartfoni esa juda ajoyib yechimni taklif etadi. Uning tashqi ko‘rinishi Huawei flagmanlari uslubida ishlangan: ham asosiy, ham old kameralari bir xilda ikkitadan (13+5 megapikselli) datchiklarga hamda LED-chaqnoqlarga ega. Orqa panelda barmoq izi skaneri ham o‘rin olgan. Smartfon korpusining o‘lchamlari 153,8x72,9x7,95 millimetrga, vazni esa 155 grammga teng. Unga diagonali 5,7 dyuymlik, tasvir sifati 1440x720 pikselli IPS-ekran o‘rnatilgan.

Lenovo K9 modelining «ichki dunyosi» esa o‘rtacha, texnik ta’minoti asosini yakka kristalli MediaTek Helio P22 protsessori tashkil etadi. Mazkur chipset tarkibiga 2,0 GGs.gacha takt chastotasida ishlovchi sakkizta Cortex-A53 yadrosi, IMG PowerVR GE8320 grafik tezlatgichi va LTE modemi kiradi. Ya’ni, u to‘rtinchi avlod – 4G uyali aloqa tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydi, Android 8.1 operatsion tizim talqini boshqaruvi ostida ishlaydi. Tezkor xotira hajmi 3, ichki xotira hajmi bo‘lsa 32 gigabaytni tashkil etadi. Akkumulyatorining tok sig‘imi 3000 mA/soatga teng, zamonaviy USB Type-C portiga ega.

Shuncha xususiyatlari bilan Lenovo K9 smartfoni atigi 123 AQSh dollariga narxlangan. Xitoylik kompaniya uni qora va ko‘k rangli korpuslarda dastlab Hindistonda savdoga chiqarmoqda. Keyinchalik ushbu gadjet boshqa mamlakatlar bozoriga ham yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan.

O‘QING: «Qotilning qaytishi»: Lenovo taqdimotga taklif etmoqda