To‘rtta kamerali Huawei Y9 (2018) taqdim etildi!

  •   DiMaX
  •  2803
  •  12.03.2018 12:44

To‘rtta kamerali Huawei Y9 (2018) taqdim etildi!

Xitoylik eng yirik smartfonsoz o‘zining navbatdagi flagmanlari – Huawei P20 turkumini 27 mart kuni Parijda namoyish etmoqchi ekanidan xabarimiz bor. Ammo ungacha ham bu kompaniya bekor o‘tirgani yo‘q; masalan, u Tailandda o‘zining Y9 (2018) smartfoni taqdimotini o‘tkazdi.

O‘QING: Mashhur insayder Huawei P20 flagmanlarining dizaynini to‘liq fosh etdi!

Huawei Y9 (2018) texnik jihatdan Mate 10 Lite modelidan deyarli farq qilmaydi, lekin tashqi ko‘rinishi qiziqarliroq chiqqan, u Honor 7X devaysiga ham o‘xshab ketadi. Diagonaliga 5,93 dyuymlik IPS LCD-displeyining tomonlari o‘zaro 18:9 nisbatda, tasvir aniqligi esa 1080x2160 pikselni tashkil etadi.

Unga xitoylik texnogigantning Kirin 659 rusumli o‘z protsessori qo‘yilgan. Ayni damda Honor 9 Lite, P smart hamda Mate 10 Lite kabi smartfonlarning ham «elektron yuragi» ayni shu protsessor hisoblanadi. Y9 (2018) tezkor xotirasi 3 gigabayt, doimiy flesh-xotirasi esa 32 gigabayt hajmga ega, yana unga microSD-karta ham qo‘yish mumkin.

Yangi taqdim etilgan qurilma kamerasining apparat va dasturiy ta’minoti ham Mate 10 Lite’dan «o‘zlashtirilgan». Uning asosiy kamerasi (16 Mp + 2 Mp) ham, selfi-kamerasi (13 Mp + 2 Mp) ham qo‘shaloq modullar bilan ta’minlangan.

Huawei Y9 (2018) gadjetining Mate 10 Lite modelidan ustun jihatlaridan biri – uning eng yangi dasturiy ta’minot bilan jihozlanganidir. Yangi modeldagi smartfonga boshidanoq Android Oreo talqini o‘rnatilgan. Shuningdek, Mate 10 Lite rusumli qurilmaning «quvat toshi» 3340 mA/soatlik batareya bo‘lsa, Huawei Y9 (2018) telefoni 4000 mA/soatlik akkumulyator bilan jihozlangan.

Namoyish etilgan yangi smartfonning narxi va bozorga chiqarilish sanasi hozircha ma’lum qilinmayotir.

O‘QING: Eng kuchli Android-smartfonlar: top-uchtalikni bitta kompaniya zabt etdi!