Toshkentda «sun’iy ong» bo‘yicha bolalar uchun Google’ning bepul kursi ochilmoqda

  •   DiMaX
  •  1253
  •  10.03.2018 11:48

Toshkentda «sun’iy ong» bo‘yicha bolalar uchun Google’ning bepul kursi ochilmoqda

Joriy yilning 18 mart kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida «sun’iy idrok» bo‘yicha xalqaro bepul kurs – Curiosity Machine AI Family Challenge’ning kirish mashg‘uloti bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Spot.uz nashri xabar bermoqda.

O‘QING: Inha universiteti talabalari Huawei’ga ishga joylashishlari mumkin

Curiosity Machine AI Family Challenge kurslariga 8 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘z ota-onalari bilan birga qatnashlari mumkin. Unda ishtirok etish uchun mana bu havola orqali ro‘yxatdan o‘tish kerak bo‘ladi.

«Sun’iy ong nima va nega sun’iy ongning rivojlanishidan qo‘rqmaslik kerak» mavzusidagi ushbu kurs uchun o‘quv materiallari Google kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Joriy yilning fevralida Google bosh direktori Sundar Pichai ta’kidlashicha, sun’iy ong insoniyatga olovni o‘zlashtirish yoki elektrni kashf etishdan ko‘ra ko‘proq narsa beradi.

Curiosity Machine AI Family Challenge kurslaridagi mashg‘ulotlar davomida qatnashchilar ko‘p narsalarni o‘rganib oladilar: fizika, matematika, informatika va biologiya bo‘yicha maktabdagi bilimlarning «sun’iy idrok» bilan aloqadorligi; yaqin kelajakda qanday yangi kasblar paydo bo‘ladi, qaysilari esa o‘tmishda qoladi... Shuningdek, bolalarni robototexnika, mashinaviy ta’lim kabi istiqbolli yo‘nalishlar bilan tanishtirish ham rejalashtirilgan. Kurs dasturida amaliy mashg‘ulotlar ham mavjud.

O‘QING: Sherzod Shermatov: «Sanoat inqilobining sababchisi — innovatsiya»

Kurs olti oyga mo‘ljallangan bo‘lib, bunda birgalikda to‘rtta mashg‘ulot olib boriladi, qolganlari esa masofadan onlayn o‘qitiladi. Curiosity Machine AI Family Challenge kursi ishtirokchilar uchun mutlaqo bepuldir.

Birinchi mashg‘ulot Toshkent shahridagi Inha universitetida, 18 mart kuni soat 12:00 dan 14:00 gacha o‘tkaziladi. Barcha ishtirokchi-oilalar xalqaro tanlovda qatnashish uchun ro‘yxatga olinadilar va tashkilotchilarning ikkita amaliy sessiyasidan o‘tadilar. Yozda yana bir nechta individual sessiyalar o‘tkazish hamda individual onlayn o‘qitish ham rejalashtirilgan.

Tanlov uchun har bir oila maxsus loyiha tayyorlaydi. Butun dunyo bo‘ylab o‘tkazilayotgan tanlovlardagi eng yaxshi loyihalar mualliflari yil yakunidagi final bosqichida qatnashish uchun San-Fransisko shahriga yo‘l oladilar.

O‘QING: Farzandingiz nega axborot texnologiyalari mutaxassisi bo‘lishi kerak?

Curiosity Machine AI Family Challenge kurslari uchun ishtirokchilarga (oilalarga) qo‘yiladigan talablar:

  • oiladan ikki kishi (bola va yoshi kattalardan biri) qatnashadi;
  • bola 8 dan 15 yoshgacha bo‘lishi mumkin.

Kurs tashkilotchilarining ta’kidlashicha, «sun’iy ong» haqidagi bilimlar bolalarga va ularning ota-onalariga kelajakda kasb tanlashga asqotadi. Butunjahon iqtisodiy forumi ma’lumotlariga qaraganda, ayni damda boshlang‘ich maktablarga kirayotgan bolalarning 65 foizi, maktabni va oliy o‘quv yurtini bitirgach, hozirda hatto mavjud bo‘lmagan kasblarda ishlaydilar. Yangi kasblarga tayyorgarlikni esa hozirdan boshlash kerak.

«Sun’ik idrok» yordamida ijtimoiy muammolar va masalalarning yechimini topish, biznes ishini optimallashtirish, insoniyatga ko‘maklashish mumkin.

O‘QING: 5G standartidagi raqamli kelajakka tayyormisiz?