Ubisoft biryo‘la Apple va Google’ni sudga berdi, lekin bosh aybdor – Alibaba! (+video)

  •   DiMaX
  •  801
  •  19.05.2020 09:42

Ubisoft biryo‘la Apple va Google’ni sudga berdi, lekin bosh aybdor – Alibaba! (+video)

App Store hamda Google Play ilovalar do‘konlarida boshqa o‘yin yoki ilovalardan nusxalab yaratilgan mahsulotlar ko‘p. Lekin mashhur o‘yinsoz – Ubisoft kompaniyasi bu masalaga jiddiy yondashdi.

O‘QING: Barcha smartfonlar uchun Forza Street chiqdi, lekin Samsung’chilarga alohida imtiyozlar bor! (+video)

Gap shundaki, Alibaba Group korporatsiyasining Gonkongdagi o‘yin studiyasi – Qookka Games o‘zining Area F2 nomli shuter o‘yinini chiqargan. Ubisoft da’vosiga ko‘ra, bu – boshdan-oyoq uning Rainbow Six Siege o‘yinidan ko‘chirma ekan!

«R6S – dunyodagi eng ommabop ko‘p foydalanuvchili musobaqa o‘yinlardan va Ubisoft’ning eng qimmatli intellektual mulklaridan biridir. AF2’ning har bir jihati aynan R6S’dan ko‘chirilgan – personajni tanlash ekranidan tortib yakuniy natijalar ekranigacha va ular orasidagi barcha jarayonlarda», – deb yozadi Ubisoft.

O‘QING: O‘yin yaratuvchilari qayerdan va qancha pul topadi?

Ubisoft’ning ta’kidlashicha, raqobatchilar hamisha Rainbow Six: Siege o‘yinining ommabopligidan foydalanib, undan nusxa olishga va bundan daromad topishga harakat qilishadi. Qookka Games esa nafaqat uning nusxasini yasagan, balki bu klon-o‘yinini rasmiy ilovalar kataloglarga joylashga ham erishgan.

Lekin o‘yinsoz to‘g‘ridan-to‘g‘ri Qookka Games bilan sudlashmagan, chunki bu ortiqcha ovoragarchiliklarni keltirib chiqaradi. Amerikalik va yevropalik tadbirkorlar uchun xitoyliklar bilan sudlashish o‘rniga klon mahsulotni App Store hamda Google Play kataloglaridan olib tashlashni talab qilish qulayroq, deb yozadi Engadget.

Ubisoft shu sababli Apple hamda Google’ga murojaat etib, Area F2 o‘yini o‘zining mualliflik huquqlarini buzayotganligini aytgan va uni rasmiy katalogdan olib tashlashni talab qilgan. Ammo har ikkala kompaniya ham buni rad etgach, o‘yinsoz ularning ustidan sudga ariza topshirgan.

Hozircha bu masala yuzasidan na Alibaba korporatsiyasi, na Google yoki Apple biror izoh bermagan.

O‘QING: Nafaqat Google va Netflix, balki Apple ham O‘zbekistonda soliq to‘layapti!