Uch kamerali – flagman hamda arzon, ammo Face ID tizimli iPhone’larning ilk suratlari chiqdi

  •   DiMaX
  •  1104
  •  11.06.2018 12:30

Uch kamerali – flagman hamda arzon, ammo Face ID tizimli iPhone’larning ilk suratlari chiqdi

Apple olamining eng nufuzli tahlilchisi – KGI Securities kompaniyasi vakili Ming-Chi Kuo (Ming-Chi Kuo) joriy yilning kuzida qanday iPhone modellari chiqishini hali yanvardayoq ma’lum qilgandi. Unga ko‘ra, sentyabrda kupertinolik gigant yana uchta smartfon taqdim etadi: 6,1 dyuymlik, suyuq kristalli displeyga ega ayfon, 5,8 va 6,5 dyuymlik OLED-displeyli ikkita iPhone.

O‘QING: Bu yil qanday iPhone’lar chiqishi aniq bo‘ldi

Mazkur ayfonlar haqida har xil ma’lumotlar chiqishda davom etayotir; jumladan, ularning eng kattasi – 6,5 dyuymlik OLED-displeyga ega iPhone surati e’lon qilindi. Unga ko‘ra, yakka kristalli Apple A12 protsessoriga ega bo‘lgan ushbu flagman uch modulli asosiy kamera bilan jihozlanadi.

To‘g‘ri, uch ob’yektivli bosh kameraga ega ayfonlarning chiqarilish muddati haqida turli fikrlar mavjud. Ayrimlar bunaqa iPhone kelasi yildagina chiqarilishini ta’kidlashsa, boshqalar kupertinoliklar shu yildayoq Huawei P20 Pro raqibini taqdim etadi, degan fikrdalar.

Yuqoridagi suratdan ayon bo‘layotirki, Apple flagmanining korpusi o‘lchamlari 157x77 millimetrga teng. Ya’ni, uning korpusi kattaligi bulturgi – 5,5 dyuymlik ekranli iPhone 8 Plus bilan bir xil.

O‘QING: iPhone’ ning 2019 yilgi kameralari nimalarga qodir?!

Shuningdek, kupertinolik gigantning kuzda namoyish etadigan yana bitta modeli – ekrani 6,1 dyuymga teng bo‘lgan, yakka kamerali ayfonining ham uch o‘lchamli modeli suratlari e’lon qilindi. Xuddi «aka»si kabi, 147x71 millimetrlik bu iPhone ham displey «kemtigi»da True Depth tizimiga ega.

Hozircha insayderlar iPhone X’ning bevosita izdoshi – diagonaliga 5,8 dyuymlik OLED-ekranga ega ayfon suratlarini chiqarishmagan.

Darvoqe, xitoylik gigant kameralar bo‘yicha yanada ilg‘or smartfonini tayyorlashga ham allaqachon kirishgan, degan gaplar yuribdi.

O‘QING: To‘rtta bosh kamerali Huawei Mate 20 videosini ko‘ramiz!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!