USB-C hamma uchun! Hatto iPhone'ga ham!

USB-C hamma uchun! Hatto iPhone'ga ham!

Yevropa Ittifoqi qonunchilari 2024-yilning kuzigacha Yevropa mamlakatlarida sotiladigan barcha smartfonlar (Apple’ning iPhone’lari ham) simli zaryadlash uchun universal USB-C porti bilan jihozlanishini ta’minlaydigan qonunchilik kelishuvini imzolashdi. Qonun shuningdek, planshetlar, raqamli kameralar, minigarnituralar, video o'yin pristavkalari va elektron o'qish qurilmalari kabi boshqa elektron qurilmalarga ham taalluqlidir. Noutbuklar esa bunga keyinroq amal qilishi kerak bo‘ladi.

Yevropa Ittifoqining turli organlari o'rtasidagi muzokaralardan keyin o'n yildan ko'proq vaqt davomida ishlab chiqilayotgan qonunchilik bo'yicha 7-iyun kuni ertalab kelishuvga erishilgan.

"Yevropalik iste'molchilar har bir yangi qurilmada bir nechta zaryadlovchi qurilmalar to'planishidan ko'p vaqt xafa bo'lishdi. Endi ular barcha portativ elektronika uchun bitta zaryadlovchidan foydalanishlari mumkin bo‘ladi” deydi Yevroparlament ma’ruzachisi Aleks Agius Saliba matbuot bayonotida.

Yevropa Ittfoqining "umumiy zaryadlovchi"ni joriy etishi ham elektron chiqindilarni kamaytirish, ham iste'molchilar hayotini osonlashtirishga qaratilgan. Qonunchilar kelajakda telefonlar va shunga o'xshash gadjetlar qutida zaryadlovchi bilan birga kelishi shart emas deb hisoblashadi, chunki xaridorlar allaqachon uyda tegishli aksessuarlarga ega. Yevropa Ittifoqining hisob-kitoblariga ko'ra, qonunchilik iste'molchilarni "keraksiz zaryadlovchilarni xarid qilish"dan yiliga 250 million evro tejashi va yiliga 11 000 tonna elektron chiqindilarni qisqartirishi mumkin.

Ushbu qonun USB-C o'rniga o'zining xususiy Lightning portidan foydalanadigan yagona yirik smartfon ishlab chiqaruvchi kompaniya - Apple'ga eng katta ta'sir ko'rsatadi. 2021-yilda Apple butun dunyo bo'ylab 241 million iPhone sotgan bo'lsa, shundan 56 millionga yaqini Yevropada sotilgan.

Matbuot anjumani davomida "Yevropa Ittifoqi aynan Apple’ni nishonga olganmi?" degan savolga YIning ichki bozori bo‘yicha komissari Tyerri Breton "Qoida hamma uchun amal qiladi. Bu hech kimga qarshi qabul qilinmagan. Biz kompaniyalar uchun emas, balki iste'molchilar uchun ishlayapmiz va biz bu kompaniyalarga qoidalarni berishimiz kerak; ichki bozorga kirish uchun aniq qoidalar." deya javob bergan.

Biroq, Yevropa Ittifoqining press-relizida aytilishicha, yangi qonunchilik "simli kabel orqali zaryadlanuvchi" qurilmalarga taalluqlidir. Shunday ekan, avval mish-mish qilinganidek Apple faqat simsiz quvvat oladigan telefon yaratish orqali o'z qurilmalariga USB-C'ni qo'shishdan qochishi mumkin. Lekin, so'nggi ma'lumotlarga ko'ra, kompaniya USB-C portiga ega iPhone'larni ichki sinovdan o'tkazmoqda va Apple tahlilchisi Ming-Chi Kuo Apple kelasi yilning boshidayoq o'zgartirishni amalga oshirishi mumkinligini da'vo qilmoqda. Apple allaqachon o'zining noutbuklari va ba'zi planshetlarida USB-C standartidan foydalanadi.

O'QING: Apple M2 chipi bilan yangi noutbuklarni taqdim qildi!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!