WhatsApp’da guruh tarzidagi qo‘ng‘iroq va videoqo‘ng‘iroq ishga tushdi – ulardan qanday foydalanamiz?

  •   DiMaX
  •  1334
  •  06.08.2018 13:32

WhatsApp’da guruh tarzidagi qo‘ng‘iroq va videoqo‘ng‘iroq ishga tushdi – ulardan qanday foydalanamiz?

Dunyodagi eng ommabop messenjerlardan bo‘lgan WhatsApp ilovasida guruhli audio- va videochatlar joriy etilayotgani haqida yozgandik. Nihoyat, O‘zbekistondagi foydalanuvchilar uchun ham mazkur funksiya ishga tushdi va endi undan bemalol foydalanishingiz mumkin!

O‘QING: WhatsApp’ga uzoq kutilgan funksiya joriy etilib, u eng zo‘r messenjerga aylanyapti!

Aytish kerakki, yangi funksiya messenjerning iOS hamda Android uchun taqdim etilgan kliyentlariga tatbiq etilgan. Guruhli qo‘ng‘iroq yoki videochat qilish uchun birdaniga bir nechta suhbatdoshga qo‘ng‘iroq qilib bo‘lmaydi. Dastlab ulardan istalgan bittasiga ovozli yoki videoli qo‘ng‘iroq qilasiz. U bilan muloqotni boshlagach, ilova interfeysining yuqoridagi o‘ng burchagida maxsus tugmacha paydo bo‘ladi. O‘shani bosib, WhatsApp’dagi o‘z kontaktlaringizdan kerakli odamni ushbu suhbatga qo‘sha olasiz.

Guruhli audio- yoki videochat orqali bir vaqtning o‘zida to‘rttagacha kishi suhbatlasha oladi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, ushbu funksiya hatto internet tezligi past bo‘lgan holatlarda ham barqaror ishlaydi. Xuddi oddiy yozishmalardagi singari, guruhli qo‘ng‘iroqlar ham shifrlangan bo‘ladi.

Guruhli videoqo‘ng‘iroq funksiyasiga ega WhatsApp ilovasini o‘rnatib (yoki yangilab) olish uchun Apple gadjetlari sohiblari mana bu, Android-devayslar egalari esa mana bu havola orqali o‘tishlari mumkin.

O‘QING: Telegram va WhatsApp’dagi o‘chirilgan xabarlarni ham o‘qish yo‘li topildi!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!