Window Swap – dunyo bo‘ylab turli derazalardan «mo‘ralash» imkonini beruvchi servis!

  •   DiMaX
  •  1751
  •  23.07.2020 17:45

Window Swap – dunyo bo‘ylab turli derazalardan «mo‘ralash» imkonini beruvchi servis!

Koronavirus pandemiyasi tufayli ko‘pchilik masofadan ishlayotgani sababli, videokonferensiyalar servislari rivojlanmoqda. Shuningdek, turli o‘yinlar va ayrim ilovalar ham ommalashib ketgan. Ulardan tashqari, virtual sayohat qilish imkonini beruvchi servislardan ham ko‘p foydalanishmoqda.

O‘QING: Yer yuzidagi eng yirik muzeyga ham endi onlayn tashrif buyuring! (+video)

Bugun esa sizlarga Window Swap nomli qiziqarli veb-servis haqida ma’lumot bermoqchimiz. Bu – karantin paytida Sonali Ranjit (Sonali Ranjit) hamda Vayshnav Balasubramaniam (Vaishnav Balasubramaniam) ismli dasturchilar yaratgan loyiha.

Window Swap servisi foydalanuvchilarga dunyoning turli burchaklaridagi derazalardan «qarash» (ichkariga emas, albatta) imkonini taqdim etadi. Masalan, siz o‘z uyingizda, kompyuter oldida yo qo‘lda smartfon bilan o‘tirib olib, biror amerikalikning derazasi orqali Nyu-York ko‘chalaridagi yomg‘irdan bahramand bo‘lishingiz, yoxud Shveysariyaning maftunkor manzaralarini kimningdir derazasi yonida turgandek tomosha qilishingiz mumkin. Buning uchun mazkur havola orqali Window Swap saytiga o‘tib, ekran markazidagi yozuvni bosish kifoya.

Servisda deraza manzaralari tasodifiy tartibda ko‘rsatiladi; videolarning ovozlari ham bor. Ekranning yuqori chap burchagida bu kimning derazasidan ko‘rinayotgani, o‘ng burchagida esa uning qayerda joylashgani aks etadi.

Sizning derazangizdan ham chiroyli manzaralar ko‘rinadigan bo‘lsa, uni Window Swap orqali ulashish imkoni bor! Buning uchun HD-sifatda 10 daqiqalik gorizontal video suratga olasiz va lokatsiyani ko‘rsatgan holda [email protected] elektron manziliga yo‘llaysiz. Asosiy sharti – videoda deraza romlari ko‘rinib turishi lozim.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq biz jahondagi barcha onlayn muzeylarni topish va ularga o‘tish uchun o‘ziga xos agregator vazifasini o‘tovchi Virtual Museums sayti haqida yozgan edik.

O‘QING: O‘zbekiston muzeylariga endi dunyoning istalgan nuqtasidan onlayn sayohat qilish mumkin!