Windows 10 uchun 7 ta ishonchli antivirus

  •   DiMaX
  •  3942
  •  14.04.2017 12:48

Windows 10 uchun 7 ta ishonchli antivirus

Bugungi kunda internet foydalanuvchisi uchun xavflar bisyor: fishing saytlari, spam-tarqatmalar, zararli dasturiy ta’minot, troyanlar… Antiviruslar ularning ko‘pchiligiga qarshi kurashishga qodir. Zamonaviy antivirus – himoya vositalarining butun jamlanmasi sifatida quyidagi modullarga ega bo‘lgani ma’qul:

  • fayllar antivirusi;
  • faol himoya;
  • tarmoq hujumlaridan himoya;
  • pochta filtri;
  • xavfsiz veb-syorfing;
  • ota-onalar nazorati.

Quyidagi antiviruslar mazkur funksiyalarga u yoki bu darajada ega bo‘lib, aksariyat tahdidlardan sizni saqlay oladi.

Kaspersky Total Security 2017

Hozirda Windows uchun eng ommalashgan antivirus. Unda barcha turdagi foydalanuvchilar – xususiylaridan to yirik biznes vakillarigacha hammasi uchun mos keluvchi jihozlar jamlangan.

Kaspersky Security Network tizimida bepul ishtirok etsangiz, kompyuteringizdagi har qanday shubhali fayl tekshiruv uchun «bulutli» servisga yuboriladi. Shu tariqa, ko‘plab foydalanuvchilardan kelgan zararli foyllarning ulkan bazasi yaratiladi.

Dastur tushunarli grafik interfeysga ega, shuningdek uni buyruqlar qatori orqali ham ishlatish mumkin.

McAfee Total Protection 2017

Ushbu mahsulotning ajoyib xususiyati –  Intel tomonidan taqdim etilgan True Key parollar menejeridir. Unda turlicha autentifikatsiya usullari qo‘llanadi, jumladan – barmoq izlari yoki yuz skaneri ham.

Shuningdek, Total Protection’ning asosiy qismlari antivirus skaneri va pochta himoyasi sanaladi. WebAdvisor vositasi ziyonkor payload’larning yuklanishini tekshiradi va shubhali URL-manzillarni aniqlaydi. Elektron pochtangizni zaxira nusxalash moduli ham mavjud.

Mazkur antivirus qisman bepul dasturlarga qo‘shimcha sifatida o‘rnatiladi, ammo bunda ishlash vaqti bo‘yicha cheklovga ega.

ESET Internet Security 10

Ishlab chiqaruvchilarning ta’kidlashicha, ESET Internet Security 10 yordamida har bir tekshiruv avvalgisiga nisbatan ko‘ra tezroq amalga oshiriladi, bu esa xursand qilarli natijadir.

Antivirus siz ulangan tarmoqni tekshirib, barcha faol qurilmalarni ko‘rsatuvchi diagramma yaratib bera oladi. Shuningdek, bu dastur yordamida o‘z marshrutizatoringizni zaif joylari bor-yo‘qligiga ko‘ra tekshirib berishi mumkin. Hozirda uy marshrutizatorlaridan iborat bot-tarmoqlar soni oshib borayotganini inobatga olsak, bu funksiya juda ham foydali.

Dastur zarar yetkazuvchi havolalarni bloklay oladi, fishing saytlarini aniqlaydi, spamlarni bloklab, elektron pochta ichini ham tekshira biladi. Shuningdek, ESET Internet Security 10 veb-kameraning himoyasini ham ta’minlaydi.

Norton Security

Norton Security ota-ona nazorati texnologiyasidan va «bulutli» qo‘llab-quvvatlashdan foydalanadi. Shuningdek, undagi SONAR Protection moduli dasturlarni ishga tushish jarayonidayoq tekshirib, zararlilarini aniqlaydi. Hujumlarning oldini olish moduli esa tarmoqdan bo‘ladigan hujumlarga to‘siq qo‘yadi.

Dasturda integratsiyalashgan parollar menejeri, shuningdek, brauzer himoyachisi ham mavjud. Bulardan tashqari, internetdan yuklab olinayotgan fayllarni ham tahlil etadi va tekshiruvdan so‘ng ularning xavfsizligi haqidagi hisobotni aks ettiradi.

Ushbu dasturning yaxshi jihatlaridan biri – unda disklar optimizatori mavjud. Mazkur jihoz disklardagi ma’lumotlarni defragmentatsiya qilib, ularga kirib borilishini osonlashtiradi va natijada kompyuterning ish samaradorligi oshadi.

Bitdefender Total Security 2017

 Bitdefender kompaniyasining antivirusi qurilmangizni troyanlar, rutkitlar, «qurt»lar, reklama dasturlari va spamlardan saqlaydi. Shuningdek, u orqali barcha qurilmalaringizni boshqarish uchun markaziy akkaunt olasiz.

Bitdefender Total Security 2017’da so‘rov bo‘yicha tekshirish, zararli URL-manzillarni cheklash va fishingdan himoyalash kabi funksiyalar mavjud. Shuningdek, undagi Bitdefender Autopilot avtomatik rejimi juda qulay. Uni yoqib qo‘ysangiz, dastur sizning ishtirokingizsiz ham xavfsizlik borasida eng maqbul qarorlar qabul qilib, kerakli payti shubhali joylarni o‘zi tekshirib chiqaveradi.

Avast Internet Security

Avast Internet Security – josus dasturlar, virus va spamlardan himoyalanish uchun universal yechimdir.  Undagi SafeZone texnologiyasi himoyalangan muhitdagi virtual ish stoli yaratishga va xavfsizlik haqida o‘ylamasdan internetdan foydalanishga imkon beradi. Kompyuterdagi boshqa birorta dastur bu virtual ish stoliga kira olmaydi.

«Qumdon» (pesochnitsa) funksiyasi esa biror dasturni uning faoliyatini tekshirish uchun ishga tushirish imkonini taqdim etadi. FileRep «bulutli» funksiyasi esa fayllarning reputatsiyasini tekshirib, ularning haqiqiyligini aniqlab beradi.

Windows Defender

Avval Microsoft AntiSpyware sifatida tanilgan Windows Defender («Windows himoyachisi») – spyware-modullarni aniqlash, yo‘q qilish, karantinga joylash va paydo bo‘lishining oldini olish uchun Microsoft kompaniyasi tomonidan yaratilgan dastur. U sukut bo‘yicha Windows XP, Windows Server 2003, Windows Vista, Windows 7, Windows 8 va Windows 10 operatsion tizimlari tarkibiga kiritilgan.

Agarda «Xavfsizlik markazi» Windows 10 tizimida boshqa antivirus o‘rnatilganini aniqlasa, «Himoyachi» avtomatik tarzda uzib qo‘yiladi; agar boshqa antivirus bo‘lmasa, u o‘z-o‘zidan faollashadi.

Xo‘sh, siz kompyuteringizning himoyasini qaysi dasturga ishonib topshirgansiz?

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!