Xiaomi 13 Ultra ekrani rekord darajadagi yorqinlikka chiqa oladi

Xiaomi 13 Ultra ekrani rekord darajadagi yorqinlikka chiqa oladi

Xiaomi kompaniyasi o'zining yangi avlod Ultra flagmanini global bozorga taqdim qilish arafasida. Taqdimot sanasi yaqinlashgani sari Xiaomi 13 Ultra'ning texnik xususiyatlari oshkor bo'lib bormoqda.

Ma'lum bo'lishicha, Xiaomi 13 Ultra smartfoni favqulodda vaziyatlar uchun uzoqqa yetadigan batareya rejimiga ega bo'ladi. Kompaniya bu bilan o'z flagmanining so'nggi 1% quvvati ham 60 minutgacha yetishi mumkinligini ta'kidlamoqda. Qurilmaning yangi ishlab chiqarilgan VC sovutish tizimi esa issiqlikni avvalgisidan 300% yaxshiroq tarqatadi va bu 4K formatida davomli 60 kadr/sekund videolar olish imkonini beradi.

Avvalgi renderlardan Xiaomi 13 Ultra orqa tomoni nano-charm bilan qoplanganligini ko'rgan edik. Bu kompaniyaning ikkinchi avlod nano-charm texnologiyasi bo'lib, u ham kir va ifloslanishlarga qarshi tura oladi, tez sarg'ayib ketmaydi. Qolaversa, smartfon metal ramka bilan o'ralgan va u IP68 darajasida suv va changdan himoyalangan.

Shuningdek, Xiaomi'ning yana bir tizerlarida 13 Ultra flagmani kompaniya Huaxing bilan hamkorlikda ishlab chiqargan C7 ekrani bilan jihozlanishini ma'lum bo'ldi. U quvvatni kamroq sarflaydi va rekord darajadagi 2600 nit maksimal yorqinlikka chiqa oladi. Aytish kerakki, bu hozirgi istalgan smartfonlarning maksimal yorqinligidan ko'proqdir: taqqoslash uchun Galaxy S23 Ultra ekrani maksimal 1750 nit, Oppo Find X6 Pro ekrani esa 2500 nit yorqinlik taklif qiladi.

Xiaomi 13 Ultra'ni eng avvalo smartfon navbatdagi o'rinda esa, ehtimol, professional kamera deyish mumkin. Qurilma orqa tomonidagi kamera orolida to'rtta kamera sensorlari joylashgan va rasmiy ma'lumotlarga ko'ra ularning asosiysi 1 dyuymli IMX989 (50 MP) kamera sensori bo'lsa, qolgan uchtasi IMX858 (50 MP) kamera sensorlari bo'ladi. Kameralar atigi 0.8 sekund ichida suratga olish qobilyatiga ega.

Xiaomi 13 Ultra rasman 18-aprel kuni taqdim qilinishi kutilmoqda.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.