Xiaomi fanatlari 5 yil kutgan xususiyat Mi 7’da joriy etiladi

  •   DiMaX
  •  3564
  •  02.12.2017 12:01

Xiaomi fanatlari 5 yil kutgan xususiyat Mi 7’da joriy etiladi

Kelasi yilning birinchi yarmida Xiaomi o‘zining flagman smartfoni – Mi 7 modelini taqdim etishidan xabaringiz bor. Ushbu qurilma bozordagi barcha Android-smartfonlar orasida eng ilg‘or texnik ta’minotga ega bo‘ladi, deb yozmoqda Gizmochina.

O‘QING: Xiaomi va Qualcomm eng zo‘r Android-smartfonni yaratishmoqchi

Mazkur devays 8 yadroli ilg‘or Qualcomm Snapdragon 845 protsessori bazasida ishlaydi. Bu chipset qudratli Adreno 640 grafik tezlatgichi hamda to‘rtinchi avlod LTE 4G tarmoqlarida o‘ta yuqori tezlikda ma’lumot almasha oluvchi X20 modemi bilan to‘ldirilgan.

Xabarga ko‘ra, «xitoycha Apple» ishqibozlari besh yildan buyon bu kompaniya qurilmalariga joriy etilishini kutayotgan yana bir ilg‘or texnologiya ham ushbu flagmanda tatbiq etiladi. Ya’ni, Mi 7 modeli Qi standarti bo‘yicha simsiz quvvatlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlovchi ilk Xiaomi smartfoni bo‘ladi. Shunga ko‘ra, uning korpusi shishadan bo‘lishi ehtimoli ham yuqori.

2018 yildan Xiaomi o‘z qurilmalariga Qi simsiz quvvatlash texnologiyasini joriy etishi haqidagi ilk xabarlar uch oy avval – bu kompaniya simsiz elektromagnit energiyasi konsorsiumi (Wireless Power Consortium) tarkibiga qo‘shilganida paydo bo‘lgan. Mazkur tashkilotning asosiy vazifasi Qi simsiz quvvatlash standartini tarqatish, shuningdek, shu texnologiyani qo‘llab-quvvatlovchi turli qurilmalarni sertifikatlashdir. Xiaomi mazkur uzoq kutilgan xususiyatni Mi 7 smartfonida amaliyotga kiritmoqda.

O‘QING: Xiaomi allaqachon Mi 7’ni tayyorlamoqda! (+suratlar)

Xiaomi Mi 7 flagmani nafaqat eng ilg‘or Snapdragon 845 protsessori, balki 6/8 GB tezkor va 64/128 GB doimiy xotirasi bilan ham maqtansa arziydi. Unda qo‘shaloq modulli asosiy kamera, old kamerasida esa yuz skaneri tizimi ham bo‘ladi. Diagonaliga 6 dyuymli romsiz AMOLED-ekranining tomonlari esa o‘zaro 18:9 nisbatda.

Yana ta’kidlanishicha, Xiaomi rahbariyati mazkur smartfonning sinov tariqasida ishlab chiqarilishini xitoycha Yangi yil bayrami – 16 fevralgacha boshlashga qaror qilgan. Mazkur smartfon 2018 yilning mart-aprel oylarida taqdim etilishi kutilayotir. Ayrim insayderlar esa hatto taqdimotning aniq sanasini ham aytishayotir – 7 mart. Omon bo‘lsak birga ko‘rarmiz – bizdan uzoqlashmang!

O‘QING: Xiaomi Mi 7: taxminiy xususiyatlari, taqdimot vaqti va hatto narxi ham ma’lum!