Xiaomi ilk tugmachali telefonini taqdim etdi: uning Wi-Fi, USB-C va hatto «sun’iy ong»i ham bor! (+videolar)

  •   DiMaX
  •  5323
  •  03.08.2018 08:28

Xiaomi ilk tugmachali telefonini taqdim etdi: uning Wi-Fi, USB-C va hatto «sun’iy ong»i ham bor! (+videolar)

Barcha smartfonsozlar yuksak texnologiyalarning so‘nggi yutuqlarini o‘zida jamlagan, old yuzasi faqat ekrandan iborat smartfonlar borasida poyga o‘ynayotgan bir paytda Xiaomi o‘zgacha yo‘l tutdi. Ya’ni, u birinchi marta tugmachali telefon ishlab chiqardi!

O‘QING: Xiaomi o‘zining eng qimmat mahsulotini chiqardi – u asosan yoshlar va yosh oilalarga mo‘ljallangan

Ushbu kompaniya Youpin (MIJIA) kraudfanding platformasida Qin AI Phone nomli tugmachali telefonini taqdim etdi. Bu gadjet ikkita versiyada bo‘lib, ular aloqa standartlarini qo‘llab-quvvatlashi va boshqa texnik jihatlariga ko‘ra o‘zaro farqlanadi.

Boshlang‘ich talqindagi Qin1 versiyasi MediaTek MT6260A protsessori, 8 megabaytlik tezkor va 16 megabaytlik doimiy xotiraga ega. Nucleus OS operatsion tizimi boshqaruvi ostidagi bu telefon faqat 2G uyali aloqa tarmog‘ida ishlaydi.

Qin AI Phone’ning nisbatan ilg‘or varianti – Qin1s modeli esa Spreadtrum SC9820E protsessori, 256 megabaytlik tezkor va 512 megabaytlik doimiy xotira bilan kuchaytirilgan. Shuningdek, undagi ikkinchi SIM-karta o‘rniga microSD formatli xotira kartasi ham joylash mumkin. Bu modelda yana GPS moduliyam bor, u 4G hamda VoLTE texnologiyalarini ham qo‘llab-quvvatlaydi. Devaysning dasturiy ta’minoti asosi sifatida Android bazasida yaratilgan Mocor 5 OS operatsion tizimi xizmat qiladi.

O‘QING: 30 iyulda Xiaomi'ning eng qimmat smartfoni sotuvga chiqarildi

Boshqa jihatlari bo‘yicha Qin1 va Qin1s  modellari umuman farqlanmaydi. Diagonaliga 2,8 dyuymlik QVGA-displey 320x240 piksellik aniqlikka ega bo‘lib, Corning Gorilla Glass shishasi bilan himoyalangan. 1480 mA/soatlik tok sig‘imiga ega akkumulyator 7 soatlik uzluksiz suhbat yoki 15 kunlik kutish rejimi uchun yetarli.

Mana bu videoda telefonning texnik jihatlari bilan tanishamiz:

Xiaomi’ning ushbu ilk tugmachali telefoni Dual SIM Dual Standby standarti bo‘yicha ikkita SIM-karta bilan ishlay oladi. Infraqizil porti sharofati bilan u televizor va boshqa maishiy texnika jihozlari uchun masofadan boshqaruv pulti vazifasini ham o‘taydi. Bu telefon Wi-Fi hamda Bluetooth 4.2 modullari, 3,5 millimetrlik quloqchin tirqishi va... USB-C portiga ham ega!

Ta’kidlab o‘tsak arziydi: Qin AI Phone – zamonaviy USB Type-C porti bilan jihozlangan ilk tugmachali telefondir.

O‘QING: Xiaomi hayratomuz rekord o‘rnatdi

E’tiborli tomoni – nomidan ham ko‘rinib turganidek, Qin AI Phone’ning har ikkala modeli «sun’iy idrok» tizimi bilan ta’minlangan! Unga tatbiq etilgan real vaqt rejimidagi nutq tarjimoni 17 ta tilni qo‘llab-quvvatlaydi. Xiao AI ovozli yordamchisi «sun’iy ong» yordamida turli savollarga javob beradi, internetdan ma’lumot izlaydi va xitoycha gapirilgan nutqni 17 ta tilga o‘girib bera oladi.

Mana, quyidagi rasmiy video Qin AI Phone’ning Xiao AI ovozli yordamchisi imkoniyatlariga bag‘ishlangan:

Qin AI Phone o‘lchamlari 132x53,8x8,5 millimetrni tashkil etadi, u oq va qora rangli korpuslarda taqdim etiladi. Eng qiziq jihati – narxiga keladigan bo‘lsak: standart talqindagi Qin1 modeli atigi 29 AQSh dollariga baholangan. Nisbatan ilg‘or Qin1s talqini esa qimmatroq – Xiaomi uning uchun 44 dollar so‘ramoqda. Youpin platformasi orqali buyurtma qilganlarga telefonni yetkazib berish 15 sentyabrdan boshlanadi. Buyurtmalar kutilganidan ham ko‘pligiga qaraganda, Nokia telefonlarini taqdim etayotgan HMD Global jiddiy raqobatchiga duch keldi-yov...

Darvoqe, savdoga chiqqanidan so‘ng uddaburon xitoyliklar Qin AI Phone telefonlarini onlayn do‘konlar orqali sotuvga qo‘ysalar kerak. O‘shanda, ehtimol, uni O‘zbekistondan turib ham xarid qilish imkoni tug‘ilar. Agarda onlayn xarid borasida tajribangiz yetarli bo‘lmasa, u holda tovarlarga «Terabayt.uz» saytimiz orqali sotib olishingiz mumkin.

O‘QING: AliExpress’dagi tovarlarga «Terabayt.uz» orqali buyurtma bering!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!