Xiaomi Mi 7’ni «jonli» suratlarda ko‘rsatishdi: qo‘shaloq kamera va «kemtik»li ekran

  •   DiMaX
  •  2291
  •  09.05.2018 15:39

Xiaomi Mi 7’ni «jonli» suratlarda ko‘rsatishdi: qo‘shaloq kamera va «kemtik»li ekran

«Xitoycha Apple» o‘zining yettinchi avlod flagmanini 23 may kuni namoyish etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Uning turli xususiyatlari haqida ma’lumotlar tarqalgan, shuningdek, insayderlar bu qurilmaning ayrim suratlarini ham oshkor etishgan.

Lekin eng qizig‘i – Mi 7’ning barcha ma’lumotlari ehtiyotsizlik sababli Xiaomi saytiga chiqib ketganligi bo‘ldi. Kompaniya buni payqab qolib, tezda ma’lumotni yashirgan, ammo veb-sahifadan olingan skrinshotlar tarqalib ulgurgan.

O‘QING: Mi 7 narxi, rasmiy surati va boshqa ma’lumotlari Xiaomi saytiga chiqib ketdi

Endi esa Weibo ijtimoiy tarmog‘ida ham Xiaomi Mi 7 prototipining «jonli» rasmlari e’lon qilindi. Keling, ularni birga ko‘rib chiqamiz.

Ilk tasvirda asosiy kamerasining modullari tikka joylashgan ikkita smartfon aks etgan. Aftidan, bular – Xiaomi Mi 7 hamda uning kattaroq – Mi 7 Plus modelidir.

Gadjetning orqa panelida barmoq izi skaneriga ham ko‘zimiz tushadi. Demak, Mi 7 modelida bu datchikning bevosita displeyga integratsiya qilinganligi haqidagi xabarlar o‘z tasdig‘ini topmadi.

O‘QING: Mi 7 Plus – skanerli va «o‘yiq»li ekranga ega ilk Xiaomi smartfoni!

Navbatdagi suratlarda esa Xiaomi Mi 7 telefonining old panelini namoyish etilgan.

Ko‘rib turganingizdek, uning displeyi iPhone X dizaynida – tepasida «o‘yiq» mavjud.

Avvalroq tarqalgan ma’lumotga ko‘ra, bu «kemtik»da to‘laqonli yuz skaneri – 3D Face (kupertinolikning superflagmanidagi Face ID analogi) tizimining maxsus datchiklari joylashgan.

O‘QING: Xiaomi Mi 7 ekrani suratlari chiqdi: «o‘yiq»li ekran va to‘laqonli 3D Face yuz skaneri!

Keyingi rasmda bo‘lsa yoqiq smartfon ekranida xitoychada uning asosiy xususiyatlari aks ettirilgan.

Hozirgacha ma’lum bo‘lishicha, Xiaomi Mi 7 diagonali 6 dyuymlik, tomonlari o‘zaro 19:9 nisbatli AMOLED-displeyga ega. Uning «elektron yuragi» sifatida Qualcomm Snapdragon 845 protsessori tanlangan, tasvirlarni qayta ishlash uchun esa Adreno 540 grafik tezlatgichi mas’ul. Devaysning boshqa jihatlari haqidagi ma’lumotlarni ham turli xabarlarimizda e’lon qilganmiz.

O‘QING: Xiaomi Mi 7: yashiradigan sirning o‘zi qolmadi

MIUI 9 grafik qobig‘i ostidagi Android 8.1 Oreo operatsion tizim talqini boshqaruvida ishlovchi Mi 7 xotirasining hajmiga ko‘ra 64 va 128 gigabaytlik versiyalarda taqdim etiladi. Ularga tegishlicha 440 va 520 AQSh dollari miqdorida narx belgilanishi kutilmoqda.

Xiaomi kompaniyasining boshqa ko‘plab smartfonlarini esa yurtimizda ham rasmiy kafolat bilan xarid qilish imkoni mavjud.

O‘QING: O‘zbekiston bo‘ylab BEPUL yetkazib beriluvchi Xiaomi smartfonlari va boshqa gadjetlari narxlari (2018 yil 28 aprel)