Xiaomi Mi Mix 2 talabgorlari 5 kunda 730 mingdan oshdi!

  •   DiMaX
  •  1775
  •  13.09.2017 15:04

Xiaomi Mi Mix 2 talabgorlari 5 kunda 730 mingdan oshdi!

«Xitoycha Apple»ning kuni kecha taqdim etgan Mi Mix 2 flagmani 15 sentyabr – juma kuni sotuvga chiqariladi. Biroq unga oldindan buyurtmalar berish allaqachon boshlangan. Kompaniya shu kungacha kelib tushgan buyurtmalar sonini mamnuniyat bilan e’lon qildi.

Xabarga ko‘ra, yangi gadjetning taqdimotidan keyingi birinchi kuniyoq unga 250 mingta buyurtma rasmiylashtirilgan. Bugunga kelib – avvaldan buyurtma berishning beshinchi kunida esa bu ko‘rsatkich salkam 730 mingga yetgan. Taqqoslash uchun keltiradigan bo‘lsak, Samsung’ning so‘nggi flagmani – Galaxy Note 8 uchun taqdimotdan keyingi beshinchi kunigacha 650 mingta oldindan buyurtma olingan.

Aftidan, Xiaomi Mi Mix 2 savdosi boshlanadigan sana – 15 sentyabrgacha buyurtmalar miqdori bir millionga yetsa kerak, deyishmoqda mutaxassislar.

Mazkur kompaniyaning oldingi flagmanlariga avvaldan berilgan buyurtmalar tahliliga nazar soladigan bo‘lsak, ularning birinchi partiyasi juda tez sotilib ketgan. Shu qadar tez sotilganki, ayrim foydalanuvchilar hatto «Sotib olish» tugmachasini bosishga ham ulgurmay qolishgan!

Jumladan, shu yilning 28 aprel kuni tonggi 10:00 da Xitoyning taniqli onlayn do‘konlarida start olgan savdoda Xiaomi Mi 6’ning ilk partiyasi 15 soniyadayoq sotib tugatilgan. Kompaniyaning Hindistonda mahalliy aholi uchun maxsus ishlab chiqargan yangi Redmi 4A modeli taqdimotidan so‘ng, smartfonning bozorga chiqarilgan ilk partiyasidagi 250 ming dona mobil aloqa vositasi 4 daqiqa ichida sotilib ketgan. Bu – ushbu modelga soniyasiga 1,5 mingta buyurtma berilgan, deganidir.

Demak, Xiaomi Mi Mix 2 o‘z «ajdod»larining bu rekordlarini yangilay oladimi-yo‘qmi – buni 15 sentyabrda ko‘ramiz, bizdan uzoqlashmang!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!