Xiaomi Mi Pad 4 hech bir planshetda bo‘lmagan xususiyat bilan chiqariladi

  •   DiMaX
  •  1335
  •  27.04.2018 12:22

Xiaomi Mi Pad 4 hech bir planshetda bo‘lmagan xususiyat bilan chiqariladi

XDA Developers sayti dasturchilari Xiaomi kompaniyasining hali taqdim etilmagan Mi Pad 4 plansheti proshivkasini qo‘lga kiritib, tekshirib ko‘rishdi. Uning dasturiy kodini sinchiklab o‘rgangan mutaxassislar mazkur gadjetning ayrim o‘ziga xosliklarini aniqlashdi.

Proshivkasidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Mi Pad 4 shu paytgacha birorta ham planshetda qo‘llanmagan yechim – tomonlari o‘zaro 18:9 nisbatli ekranga ega. Hozirgacha barcha ishlab chiqaruvchilar planshetlarni 16:9 yoki 4:3 nisbatli ekranlar bilan jihozlab kelishmoqda. Balki Xiaomi bu bilan ko‘pchilikdan ajralib turishini ta’kidlamoqchidir. Mi Pad 4 displeyining piksellar zichligi – 320 ppi.

O‘QING: Apple va Xiaomi sudlashmoqda: qaysi gadjet dizayni o‘g‘irlandi?

Shuningdek, ushbu planshet odatdagi 2,2 GGs o‘rniga 2,0 GGs chastotali Snapdragon 660 protsessori bazasida ishlashi ham oydinlashgan. Tezkor va doimiy xotirasi xususida aniq ma’lumot yo‘q, ammo devays microSD formatli xotira kartasi uchun slot bilan jihozlanadi.

Mi Pad 4 asosiy kamerasi 13 megapikselli bo‘lib, OmniVision OV13855 sensoriga ega. Selfilar uchun uning old paneliga Samsung S5K5E8 datchikli 5 megapikselli kamera o‘rnatilgan.

Xiaomi’ning ushbu qurilmasi qachon taqdim etilishi va bozorga chiqarilishi hozircha noma’lum. Biroq ushbu kompaniyaning bir qator turli gadjetlari yurtimizda ham rasmiy kafolat bilan sotilmoqda.

O‘QING: Xiaomi’ning turli gadjetlari narxlari – xaridingiz O‘zbekiston bo‘ylab yetkazib beriladi! (2018 yil 26 aprel)

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!