Xiaomi Redmi Note 5 benchmarkda testdan o‘tdi, lekin natijalar shubhali...

  •   DiMaX
  •  2008
  •  19.10.2017 16:55

Xiaomi Redmi Note 5 benchmarkda testdan o‘tdi, lekin natijalar shubhali...

«Xitoylik Apple»ning hali taqdim etilmagan Redmi Note 5 qurilmasi Geekbench benchmarkida sinovdan o‘tdi. Test natijalari haqidagi ma’lumotlar saytda aks ettirilgan.

Nimalar ma’lum?

Benchmarkdagi natijalarga qaraydigan bo‘lsak, Xiaomi Redmi Note 5’ning «yuragi» msm8952 chipi ekan, bu esa 2015 yilda chiqarilgan Qualcomm Snapdragon 617 protsessoriga mos keladi.

Bundan tashqari, gadjet 3 gigabayt hajmli tezkor xotira bilan ta’minlangan. U Android 7.1.2 Nougat operatsion tizim talqini boshqaruvi ostida ishlaydi.

Eslasangiz kerak, Redmi Note 5 va uning xossalari haqidagi ilk ma’lumotlar shu yilning iyul oyi boshida chiqqan edi. Keyinroq esa uning taqdimotga tayyor ekani aytilib, smartfonning va qutilarining suratlari ham tarqatilgan. So‘ngra uning boshqa renderlari paydo bo‘lgani, shuningdek, Xiaomi xodimi tasodifan bu yangi smartfonni «sotib qo‘ygani» xususida ham xabar berganmiz. Yaqindagina esa Xiaomi’ning ilk hamyonbop «qo‘shko‘z romsiz»lari – Redmi 5 Plus va Redmi Note 5 rasmlari ham tarqalgan edi.

Nimasidir o‘xshamayapti...

Qizig‘i shundaki, Geekbench benchmarkida aks ettirilgan test natijalari qanaqadir g‘alati, ishonarsizroq. Keling, shularga bir nazar solamiz.

Avvalo, yangi modelda nega eski protsessor qo‘yilishini tushunish qiyin. Axir, hatto shu qurilmaning bitta oldingi «avlodi» – Redmi Note 4 smartfoniga ham Helio X20, uning Hindiston uchun taqdim etilgan talqiniga esa Snapdragon 625 chipi qo‘yilgan-ku!

Qolaversa, testda Snapdragon 617 protsessori olti yadroli qilib ko‘rsatilgan. Aslida esa bu chip sakkizta yadrodan iborat.

Xullas, Geekbench’dagi negadir shu tekshiruv natijalari shubhaliroq. Xiaomi Redmi Note 5 haqidagi aniqroq ma’lumotlardan xabardor bo‘lib borish uchun bizdan uzoqlashmang.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.