Xiaomi va Qualcomm eng zo‘r Android-smartfonni yaratishmoqchi

  •   DiMaX
  •  2098
  •  30.09.2017 15:27

Xiaomi va Qualcomm eng zo‘r Android-smartfonni yaratishmoqchi

Xitoylik ushbu texnologik kompaniyaning navbatdagi flagmaniga Qualcomm’ning hali e’lon qilinmagan Snapdragon 845 protsessori o‘rnatiladi. Bu haqda GizmoChina resursi xabar bergan.

Sayt manbasi bo‘lmish xitoylik insayderning so‘zlariga ko‘ra, Qualcomm hozirda Xiaomi bilan birgalikda Snapdragon 845 chipini optimallashtirish ustida ishlamoqda. Uning ta’kidlashicha, kompaniya rejalashtirgan ishlariga o‘z vaqtida ulgurib kelayotir va Mi 7 modelining sinov ishlariga shu yilning noyabridayoq kirishadi. Test ishlari bir necha oy davom etib, 2018 yilning fevralida yakuniga yetadi. Snapdragon 845 protsessorida ishlovchi Xiaomi Mi 7 esa shu paytgacha yaratilgan Android-smartfonlarning eng kuchlisi bo‘lishi kutilmoqda.

Shuningdek, insayderning qo‘shimcha qilishicha, Mi 7 katta OLED-ekranga ega bo‘ladi, ammo barmoq izi skanerini hali displey ostiga (ya’ni, ekranning o‘ziga barmoq bosish orqali skanerlanadigan qilib) joylashtira olishmagan.

10 nanometrli Snapdragon 845 chipi – Qualcomm’ning flagman protsessori bo‘ladi. Gap-so‘zlarga qaraganda, uni ishlab chiqarish bilan Samsung shug‘ullanadi. Yana taxminlarga ko‘ra, bu protsessor Cortex A75 yadrosiga va Adreno 630 grafik tezlatgichiga asoslanadi.

Mi 7 esa Xiaomi kompaniyasining simsiz quvvatlanadigan birinchi smartfoni bo‘lishi kutilmoqda. Uni 2018 yilning birinchi yarmida taqdim etishlari ehtimoli yuqori.