Xiaomi yana ikkita – Redmi Note 6 va Redmi Note 6 Pro smartfonlarini tayyorladi!

  •   DiMaX
  •  4500
  •  24.08.2018 12:53

Xiaomi yana ikkita – Redmi Note 6 va Redmi Note 6 Pro smartfonlarini tayyorladi!

Turli-tuman modellardagi mobil aloqa qurilmalari chiqarib charchamayotgan Xiaomi korporatsiyasi yaqindagina yangi brend ostidagi Pocophone F1 smartfonini namoyish qilgandi. Endi esa navbatda uning eng ilg‘or innovatsion jihatlarga ega romsiz flagmani turibdi.

O‘QING: Xiaomi Mi Mix 3 taqdimoti yaqin – u Sanoat vazirligida sertifikatsiyadan o‘tdi!

Kuni kecha – 23 avgust kuni «xitoycha Apple»ning bulardan tashqari yana ikkita qurilma tayyorlagani ma’lum bo‘ldi. Bular kompaniyaning hamyonbop smartfonlari turkumiga oid Redmi Note 6 hamda Redmi Note 6 Pro modellaridir.

AQShning Federal aloqa komissiyasi – FCC ma’lumotlar bazasida ushbu ikki rusumdagi smartfonning muvaffaqiyatli tarzda sinovdan o‘tkazilganligi haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Ushbu idora faqat to‘la tayyor bo‘lgan qurilmalarnigina tekshiruvdan o‘tkazishini hisobga olsak, Redmi Note 6 va uning Pro-versiyasi taqdimoti yaqin. Ungacha faqat ularning dasturiy ta’minotida o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin, xolos.

Ma’lum bo‘lishicha, Redmi Note 6 smartfonining model raqami M1806E7TG bo‘lib, u Bluetooth 5.0 LE, Wi-Fi 802.11ac (2,4 GGs + 5 GGs), GPS hamda 4G VoLTE modullari bilan ta’minlangan. Ushbu gadjet Android 8.1 Oreo’ga asoslangan MIUI 9 proshivkasi bilan ishlaydi. Ammo taqdimot vaqtigacha yoki savdoga chiqarilgunicha uni MIUI 10’gacha yangilashlari, hatto o‘sha proshivka Android 9.0 Pie bazasida tayyorlanishi ham mumkin. Redmi Note 6 Pro modeli esa FCC ma’lumotlar bazasida M1806E7TH model raqami ostida qayd etilgan.

Redmi Note 6 hamda Redmi Note 6 Pro qachon rasman namoyish etilishi noma’lum, ammo allaqachon tayyorlab bo‘linganini inobatga olsak, Xiaomi bu ishni ko‘p ham cho‘zib o‘tirmasa kerak. Mazkur kompaniyaning allaqachon savdoga chiqarilgan aksariyat smartfonlari esa yurtimizda ham rasmiy kafolat bilan sotilmoqda.

O‘QING: O‘zbekistonda sotilayotgan Xiaomi smartfonlari narxlari – xaridingiz mamlakat bo‘ylab yetkazib beriladi! (2018 yil 23 avgust)

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!