Xiaomi yangi smartfonlarini boshqa brend ostida chiqaradi

  •   DiMaX
  •  3080
  •  28.06.2018 18:20

Xiaomi yangi smartfonlarini boshqa brend ostida chiqaradi

Shu paytgacha «xitoycha Apple» o‘zining «aqlli» telefonlarini ikki xil – Mi hamda Redmi savdo markalari ostida chiqarib kelayotir. Bu ikki turkumga mansub modellar texnik xususiyatlari va narxi bilan bir-biridan farq qiladi.

O‘QING: Kelasi haftadayoq taqdim etiladigan Xiaomi Mi Max 3 narxi ma’lum bo‘ldi

Manbalar bergan ma’lumotlarga qaraganda, Xiaomi endi yana bitta brend uchun savdo belgisini ro‘yxatdan o‘tkazayotir. Ushbu uchinchi brend POCOPHONE deb nomlanadi va bu turkumdagi ilk smartfon allaqachon taqdimotga tayyor.

Ma’lum bo‘lishicha, Xiaomi kompaniyasi Yevropa Ittifoqida POCOPHONE savdo belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hali may oyining oxiridayoq ariza bergan ekan. Shunga qaraganda, POCOPHONE turkumidagi smartfonlar Yevropada sotishga mo‘ljallangan bo‘lsa kerak.

PocoPhone brendi ostidagi birinchi smartfon Tayvan Milliy aloqa komissiyasida (National Communications Commission, NCC) ushbu qurilma M1805E10A model raqami ostida ro‘yxatga olingan. NCC saytidagi hujjatlarga ko‘ra, uning ishlab chiqaruvchisi Xiaomi Communications Technology bo‘lib, brend sifatida esa Redmi yoki Mi emas, balki POCOPHONE markasi ko‘rsatilgan.

Mazkur smartfonning modeli va texnik xususiyatlari hozircha noma’lum, faqat uning FDD-LTE 3, 7 va 8 tarmoqlarini, shuningdek GPS, GLONASS hamda BeiDou tizimlarini qo‘llab-quvvatlashi aniq.

Bu boradagi yangiliklarni birga kuzatamiz, bizdan uzoqlashmang.

O‘QING: Xiaomi indingayoq taqdim etadigan smartfonini «Kelajakdan kelgan hadya» deya maqtamoqda (+video)

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!