Xitoyliklar ertadan Apple Pay’dan foydalana boshlashadi

Xitoyliklar ertadan Apple Pay’dan foydalana boshlashadi

Xitoyda Apple Pay elektron to‘lov tizimini joriy qilish ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Xitoy Sanoat va tijorat banki vakilining so‘zlariga ko‘ra, loyiha 18 fevral kuni ishga tushiriladi. Kompaniya bu to‘g‘rida o‘zining Xitoydagi bo‘linmasi veb-saytida ham e’lon qilib, xitoylik foydalanuvchilariga iPhone, Apple Watch yoki iPad qurilmalaridan foydalangan holda, do‘kon, internet tarmog‘ida va boshqa xizmatlar uchun to‘lovni qulay va xavfsiz bo‘lgan Apple Pay orqali amalga oshirishni taklif qilmoqda.

Apple elektron tijorat loyihasini ishga tushirishda Xitoyning onlayn to‘lov tarmoqlarida salmoqli ulushga ega bo‘lgan UnionPay – mamlakatning milliy to‘lov tizimi bilan hamkorlik qilmoqda. Ayni kunda loyiha doirasida Xitoy Xalq Respublikasining 19 nafar yirik banki bilan hamkorlik shartnomasi tuzilgan.

Apple Pay Wallet – mobil to‘lov va raqamli hamyon xizmati Apple Inc. korporatsiyasi tomonidan 2014 yilda e’lon qilingan. Bu tizim orqali iPhone 6, 6 Plus, va Apple Watch (iPhone 5 va keyingi talqinlari), iPad Air 2, iPad Pro hamda iPad Mini 3 (va keyingi talqinlar) qurilmalari yordamida raqamli terminallarga masofadan turib to‘lov qilish mumkin.

Buning uchun iTunes ilovasidagi sahifa yordamida kredit yoki debit kartaning xavfsizlik kodini yozib, tizim ilovasida karta haqida to‘liq ma’lumotni kiritib, yoki kartalarning suratga olib, uni joylashtirish orqali tizimga qo‘shilishlari mumkin.

Endi to‘lov terminal o‘qiydigan kartaning magnit chipi bilan emas, masofadan turib moddiy aloqasiz amalga oshiriladi. Sizga xizmat ko‘rsatayotgan muassasa hisobni mobil qurilmaga yuboradi va to‘lovni tasdiqlash uchun qurilmalardagi Touch ID sensoriga barmog‘ingizni bosib, tekshiruvdan o‘tasiz va to‘lovni amalga oshirasiz. “Aqlli soat”da esa unga ikki marta chertish orqali   amalga oshiriladi.

Bunday to‘lov tizimida ism-familiya, karta raqami yoki uning xavfsizlik kodini sir saqlash uchun imkoni boricha kartangizni hech kimga ko‘rsatmaslik talab etiladi. Bu ham imkoniyatlarga to‘la zamonning talabi.

iPhone 5, 5C, 5S kabi NFC (Near field communication) yaqin oraliqda aloqa o‘rnatish texnologiyasiga asoslangan qurilmalarda Apple Pay’dan Apple Watch “aqlli qo‘l” soati yordamida ham foydalansa bo‘ladi. Buning uchun tizimga kirishda Touch ID shaxsni tasdiqlashdan o‘tish talab etilmaydi.

Xizmat mijoz to‘lovi haqidagi ma’lumotni sir tutadi va har to‘lovda bir martalik dinamik kodni taqdim qiladi. Qurilma yo‘qotilganida foydalanuvchilar zudlik bilan “iPhone’imni topish” xizmati orqali to‘lovlarni amalga oshirishni “muzlatib” qo‘yishlari mumkin.

Mazkur to‘lov tizimi ayni kunda Kanada, Avstraliya, Gonkong, Singapur va Ispaniyada tatbiq qilingan bo‘lsa ham, bu davlatlarda faqatgina American Express to‘lov kartalari foydalanuvchilari undan foydalana olishadi. Boisi elektron tizimini to‘la joriy qilishda kompaniya bu yerdagi banklar bilan yagona murosaga kela olganicha yo‘q.

Xitoy Apple uchun bu yo‘nalishda AQSh va Kanadadan keyin navbatdagi ulkan va to‘liq daromad manbaidir. Boisi, bu yerda ushbu tizimni qo‘llab-quvvatlaydigan millionlab iPhone 6, iPhone 6 Plus, iPhone 6s, iPhone 6s Plus va Apple Watch qurilmalari foydalanuvchilari mavjud.

Xitoyda bu borada Apple’ning 2 yirik raqibi mavjud – Alibaba’ning AliPay hamda WeChat’ning Wallet to‘lov tizimlari. AliPay  asosan internet tizimidagi xarid uchun to‘lovni amalga oshirishga ixtisoslashgan. Ammo bularning ikkalasi ham NFC texnologiyasini qo‘llab-quvvatlamaydi.

WeChat marketlarda xarid qilish, taksi xizmat haqini to‘lash, mobil xizmatlar uchun to‘lovlarni oldindan rejalashtirish, pul o‘tkazish kabi ommabop xizmatlarni joriy qilgan.

AQShning boshqa bir yirik – PayPal elektron tijorat tizimi ham anchadan buyon Xitoyda faoliyatini yo‘lga qo‘yishga harakat qilmoqda. Ammo hozircha biror natija chiqqani yo‘q. Apple’ning muvafaqqiyati esa uning Xitoy bilan aloqalari qanchalik mustahkam ekanini ko‘rsatib turibdi.

Tadqiqot va tahlillarga ko‘ra, bu tizim mavjud mamlakatlardagi Apple qurilmalari foydalanuvchilarining har 5 nafaridan biri Apple Pay’dan foydalanar ekan. Ilg‘or to‘lov tizimidan foydalanish shu kunlarda fransiyaliklar uchun ham mumkin bo‘lishi kutilmoqda.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!