Xushxabar: Android uchun Telegram 4.8’da zo‘r imkoniyatlar taqdim etildi!

  •   DiMaX
  •  5054
  •  07.02.2018 11:04

Xushxabar: Android uchun Telegram 4.8’da zo‘r imkoniyatlar taqdim etildi!

Yurtimizda eng ommabop messenjerlardan bo‘lgan Telegram jamoasi tinmay izlanib, o‘z foydalanuvchilari uchun yangidan-yangi imkoniyatlarni taqdim etishdan charchamayapti. Jumladan, bugun mazkur messenjerning Android-kliyenti 4.8 talqinigacha yangilandi.

O‘QING: Xushxabar: Telegram’da kanallarni guruhlashtirish mumkin bo‘ladi

Telegram 4.8 talqinida Android-qurilmalar egalari uchun taqdim etilgan yangi imkoniyatlarning ro‘yxati va qisqacha tavsifi quyidagilardan iborat:

1. Musiqa va videofayllarning striming – «oqimli» tarzda ijro etilishi. Bu shuni anglatadiki, endi messenjer orqali kelgan biror video yoki audiofaylning to‘liq yuklanishini kutmasdan, yuklanish jarayonidayoq ijrosini boshlash mumkin.

2. Barcha videolar uchun «surat ichida surat» (Picture-in-Picture) rejimi amal qiladi. Ya’ni, Telegram orqali yuborilgan videoni tomosha qilayotib, bir vaqtning o‘zida shu messenjer orqali chatda yozishib o‘tirish imkoni bor.

3. Mediafayllarga yoziladigan tagso‘zlarda matnni turlicha Markdown usulida formatlash mumkin. Bu degani – endi jo‘natilayotgan rasmlar, video yoki audiofayllar bilan birga yoziladigan matnni kursivli, to‘qrang yoki boshqa formatli qilib yoza olasiz.

4. «Kunduzgi» va «tungi» rejimlarning avtomatik yoqilishi. Endi siz Telegram ilovangizni avtomatik tarzda, kunning ma’lum soatlarida tungi – to‘qrang qiyofaga kiradigan, qolgan paytda odatiy ko‘rinishli tusga keladigan qilib sozlab qo‘yishingiz mumkin. Shuningdek, vaqtga emas, balki yorug‘lik datchigi ma’lumotlari asosida – atrofingizning yoritilganlik darajasiga qarab ham avtomatik rejim almashishini sozlab qo‘ya olasiz.

5. Telegram Login Widget – boshqa saytlarda Telegram akkaunti orqali avtorizatsiya qilish jihozi qo‘shildi. Bu – mazkur yangilanishda taqdim etilgan eng ahamiyatli imkoniyatlardan biridir. Endi biror saytda avtorizatsiya qilishingiz uchun, xuddi Facebook akkauntingiz orqali kirgandek, Telegram akkauntingiz yordamida kira olasiz! Garchi bu messenjerga telefon raqami orqali kiriladigan bo‘lsa-da, u boshqa saytlarga sizning raqamingizni taqdim etmaydi.

6. Ayrim botlar biror nima haqida xabar berish uchun o‘zi birinchi bo‘lib yozishi mumkin. Bilamizki, odatda botlar foydalanuvchining yozganiga javob tarzida biror nima yozadi/yuboradi. Telegram 4.8 talqinidan boshlab, ularning ayrimlari o‘zi birinchi bo‘lib sizga yozishi mumkin. Tabiiyki, sizni ortiqcha bezovta qilmasliklarini ham inobatga olishgan – o‘zingiz ruxsat bersangizgina botlar sizga birinchi bo‘lib yoza oladi.

O‘QING: Ehtiyot bo‘ling – Teligram! Ommaviy messenjerning zararli kloni tarqaldi

Pavel Durov jamoasining va’da berishicha, iOS-devayslar uchun Telegram kliyenti ham yaqin orada yangilanadi va Apple gadjetlari egalari uchun ham yuqoridagi kabi qulayliklar taqdim etiladi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!