Xushxabar: Telegram desktop versiyasida endi ovozli qo‘ng‘iroq qilish mumkin!

  •   DiMaX
  •  1317
  •  16.05.2017 15:54

Xushxabar: Telegram desktop versiyasida endi ovozli qo‘ng‘iroq qilish mumkin!

Telegram messenjerining mobil versiyasida ovozli qo‘ng‘iroqlar joriy etilganidan xabaringiz bor. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, ishlab chiquvchilar Telegram Desktop’ning alfa-versiyasi, ya’ni boshlang‘ich talqinida ham shu funksiyani yo‘lga qo‘yishdi. Mana endi, bugun uning umumiy iste’molga chiqarilgan yangi versiyasida ovozli qo‘ng‘iroqlar rasman taqdim etildi.

Mazkur funksiya desktop messenjerning Windows, macOS hamda Linux tizimli kompyuterlarga moslangan variantlariga birato‘la kiritilgan. Endi foydalanuvchilar nafaqat mobil telefondan, balki kompyuterdan ham smartfonga yoki kompyuterga Telegram-qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirishlari mumkin!

Dasturning yangi versiyasi interfeysining yuqori panelida telefon go‘shagi shaklidagi yangi tugmacha paydo bo‘ldi. Kerakli kontaktni tanlab turib, o‘sha tugmacha bosilsa, qo‘ng‘iroq ishga tushadi. Chaqirilayotgan abonentda esa qalqib chiquvchi oynada qo‘ng‘iroqni qabul qilish hamda rad etish tugmachalari ko‘rinadi.

Telegram, messenjer, ilovalar, xabarlar

Desktop versiyada ham xuddi mobil versiyasidagi kabi audioqo‘ng‘iroqlarni shifrlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Foydalanuvchilar Telegram-qo‘ng‘iroqlar orqali kechayotgan suhbatlarining shifrlangan bog‘lamada amalga oshayotganiga to‘rtta emotikonni taqqoslash orqali ishonch hosil qilishlari mumkin.

Real vaqt rejimida ovozli muloqot qilish imkoniyatining joriy etilishi Telegram’ning yanada ommalashuvida muhim qadam hisoblanadi. Avval shu funksiyasi yo‘qligi sababli boshqa messenjerlardan foydalanayotganlar endi bemalol Telegram’ga ko‘chib o‘tishlari mumkin. Zero, unda foydalanuvchilarning o‘zaro muloqotlariga tegishli ma’lumotlar maxfiy saqlanishi kafolatlangan.

Ovozli qo‘ng‘iroqlardan tashqari, desktop messenjerning yangi versiyasida chatlar ma’murlari uchun yangi huquqlar taqdim etilgan. Shuningdek, to‘liq ekranli rejimda emotikonlar panelining joylashuv o‘rni ham o‘zgartirilgan.

Telegram desktop messenjerining Windows, macOS yoki Linux tizimli kompyuter va noutbuklarga moslangan variantlarini uning rasmiy saytidan ko‘chirib olib, yangi imkoniyatlardan bahramand bo‘lishingiz mumkin!