Yangi Apple iMac Pro imtihonda hayratlanarli ball to‘pladi

Yangi Apple iMac Pro imtihonda hayratlanarli ball to‘pladi

Apple 2016 yilning 5 iyunida tarixidagi «eng kuchli stol kompyuteri» deya e’tirof qilgan iMac Pro’ni namoyish qilinishi axborot texnologiyalari sanoatida muhim yangilik bo‘lgan edi. Intel’ning 18 yadroli 7-avlod Intel Xeon protsessori devaysning kuchli jihatlaridan biri bo‘lgan.

Endi esa amerikalik ishlab chiqaruvchi undan ham kuchli kompyuterni tayyorlashga erishdi. Taqdimoti kutilayotgan Apple iMac Pro kompyuterining qanchalar samarador platformaga egaligi namoyish etilgan ilk natijalar internet tarmog‘ida tarqaldi.

Geekbench benchmarki imtihonlaridan o‘tgan 8 yadroli iMac Pro 23 536 ball to‘plashga muvaffaq bo‘lgan. Bu esa yangi gadjet iMac 5K kompyuteridan 20% ga kuchli degani. iMac Pro'ning yanada kuchli 10 yadroli talqini esa deyarli 36 000 ball to‘plab, shu vaqtga qadar "eng zo‘r" bo‘lgan Mac Pro'dan 41% yaxshiroq natija ko‘rsatgan. Eng ahamiyatlisi, hali 18 yadroli iMac Pro ham bor. Faqat bu talqin hali imtihondan o‘tkazilmagan.

iMac Pro 8/10/18 yadroli Intel Xeon Skylake protsessorlariga ega bo‘ladi. Unga eng kuchli Radeon Pro Vega videografika chipi o‘rnatiladi. Shuningdek, bu kompyuterda 128 gigabaytli DDR4 xotira kartasi hamda SSD-diskovodlari ham bo‘ladi. Bu innovatsiyalar uchun esa bor-yo‘g‘i 5 mingdan 17 ming dollargacha mablag‘ to‘lash kerak bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, hozircha yozda taqdim qilingan iMac Pro kompyuterining eng arzoni, ya’ni 8 yadroli Intel Xeon protsessori, Radeon Vega videokartasi, 32 GB tezkor va 1 TB doimiy xotiraga ega talqini 4999 dollardan boshlab sotilmoqda.