Yangi video Galaxy Note 9 dizaynini to‘liq fosh etdi!

  •   DiMaX
  •  1576
  •  07.06.2018 15:06

Yangi video Galaxy Note 9 dizaynini to‘liq fosh etdi!

Janubiy koreyalik texnogigantning kutilayotgan navbatdagi fableti odatdagilaridan ikki hafta avval taqdim etilishi haqida yozganmiz. Shuning uchun kompaniya allaqachon uni benchmarklarda sinab  ham ko‘rgan.

O‘QING: Samsung’ning yangi flagmani Geekbench’da rekord o‘rnatdi!

91mobiles nashri hamda taniqli insayder @OnLeaks kuni kecha taqdim etgan videoda esa Galaxy Note 9 planshetofonining tashqi ko‘rinishi butkul oshkor qilingan. Unda smartfonning o‘zi emas, balki uning zavoddagi chizmalariga tayangan holda kompyuterda tayyorlangan render aks ettirilgan.

Insayderlarga ishonadigan bo‘lsak, Galaxy Note 9 ham o‘tgan yilgi Note 8 bilan deyarli bir xil ko‘rinishga ega. Faqat bitta yirik farq mavjud bo‘lib, u ham qurilmaning asosiy kamerasining modullari va barmoq izi skaneri joylashuviga bog‘liq.

Kompaniyaning Galaxy S9+ flagmanida bosh kamera sensorlarini tikka joylab, daktiloskopik datchikni ham ular ostiga o‘rnatishgan. Shundan kelib chiqqan holda, Galaxy Note 9 fabletida ham Samsung shunday yechimni qo‘llaydi, degan taxminlar ustun edi. Ammo bu farazlar qismangina to‘g‘ri bo‘lib chiqdi: @OnLeaks taqdim etgan renderga ko‘ra, Note 9 asosiy kamerasining ob’yektivlari yonma-yon, barmoq izi sensori esa ularning ostida joylashgan.

O‘QING: Kuchaytirilgan kamerali Galaxy Note 9 taqdimot sanasi va joyi ma’lum bo‘ldi

Galaxy Note 9 boshqa jihatlari – o‘lchami, dizayni va portlariga ko‘ra Galaxy Note 8 modelining deyarli aynan nusxasi. Mana, o‘zingiz tomosha qilishingiz mumkin:

Ammo Galaxy Note 9 «ichki dunyosi»ga ko‘ra o‘z «ajdod»idan jiddiy farq qilishi kutilmoqda. Shuningdek, uning qo‘shaloq kamerasi ham yangi texnologiyalar bilan, ikkita aperturali qilib ishlanishini kutish mumkin.

Afsuski, Samsung ushbu modelda ham barmoq izi skanerini ekranga integratsiya qilmaydi. Bunday texnologiyani endi Galaxy S10 modelida ko‘rarmiz balki.

O‘QING: Kutilmagan video: Galaxy S10 taqdimotidan naq bir yil avval Samsung uni «bexosdan» ko‘rsatgan ekan!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.