Yashash – lahzaga egalik qilish, degani …

Yashash – lahzaga egalik qilish, degani …

Yashash, bu – lahzani his qilish. Texnologiya esa buning vositasidir. 21 mart kuni 10 yoshga to‘lgan Twitter ayni kunda Facebook bilan jiddiy raqobatga kirishib, videoaloqa almashinuvi xizmatini takomillashtirishga diqqatini qaratmoqda.

Facebook rahbari Mark Zukerberg ham yaqinda Germaniyada video orqali aloqa qilish xizmatini takomillashtirish mazkur ijtimoiy tarmoqning muhim yo‘nalishlaridan biri ekanligini ta’kidlagan edi.

Twitter tomonidan 2015 yilning 26 martida asos solingan, Android va iOS qurilmalarda real vaqt rejimida video oqimni  translyasiya qilishga ixtisoslashgan Periscope video aloqa platformasi o‘ziga o‘xshash boshqa bir Meerkat xizmati bilan raqobatga kirishgan edi.

2015 yilning 28 mart kuni kompaniya Periscope ilovasi orqali 200 million to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyasiya amalga oshirilgani, har kuni 110 yilga teng bo‘lgan video uzatilgani to‘g‘risida ma’lum qildi.

Amazon kompaniyasi esa yaqinda taqdim etgan, video oqimni olib uzatuvchi, asosan geymerlarga mo‘ljallangan Twitch platformasi faoliyatini kengaytirish ustida ish olib boryapti. Mazkur xizmat video o‘yinlarga oid turnirlarni ham translyasiya qiladi.

Twitch hamda Amazon bilan raqobatga kirishishga urinayotgan Google esa yirik tadbirlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatish ortidan tomoshabin to‘plamoqda va yaqinda o‘zining videotranslyasiya ilovasini ishga tushirishi kutilmoqda.

Shuningdek, Instagram Spotlights va Twitter Moments video uzatuv xizmatlari ham SnapChat’ning Live Stories video oqim xizmatini “ta’qib” qilish bilan band. Mazkur xizmat esa “Oskar” taqdimoti hamda jahon kriket chempionati o‘yinlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatish hisobiga juda ommalashib ketdi.

Jonli efir uzatish platformalari mobil texnologiya orqali namoyish qilishning eng tezkor o‘sayotgan yo‘nalishidir. Boisi u tezkor, keng qamrovli va xolis. Natijada internet orqali video oqimni olib uzatish yordamida voqealarni qanday bo‘lsa, shunday – 3-tomonning aralashuvisiz olish imkoni yuzaga keldi.

So‘nggi yillarda video uzatuv ilovalari va messenjerlar voqealarni tezkor yoritish vositasiga aylanmoqda. Ommaviy axborot vositalari ham bunday havaskorlar tomonidan olingan lavhalardan foydalanmoqda. Chunki unda asl jarayon namoyon bo‘ladi.

Jarayonni to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib uzatish texnologiyasi tatbiq qilinayotganiga 10 yildan oshdi. “Jonli media” esa uning zamonaviy vorisi.

“Jonli media” real vaqtdagi jarayonga daxldor bo‘ladi va joy hamda ayni paytga asoslanadi, unga bir tomonning emas, barcha foydalanuvchilarning fikr-mulohazasi bildiriladi. “Jonli media” mobil media, mobil qurilmalar orqali barcha tomonidan olib uzatiladi.

“Jonli media”da voqeani jarayonning ishtirokchisi, vaziyat qurboni, jahon liderlari, mashhurlar va oddiy fuqarolar video orqali hikoya qiladilar.

Yer yuzida foydalanilayotgan 2 milliard dona kamerali smartfonlar bir vaqtning o‘zida sayyoramizni kuzatish, xolis nazar solishga xizmat qilish mumkin. Bu qurilmalar va mobil aloqaning to‘rtinchi avlodi – 4G tezkor standartining rivoji “jonli media” o‘sishiga xizmat qilmoqda.

Bugungi yosh avlod mobil qurilmalar qarshisida ulg‘ayishmoqda. Yaqin yillarda ular kompyuter va internet brauzerlardan, televizor va radiodan voz kechib, batamom mobil olamga bog‘lanib qoladilar. Mobil ilovalar ularning axborot olish, iste’mol qilish va tarqatishning asosiy vositasiga aylanadi.

SnapChat’ning Live Stories video almashinuv ilovasi tez-tez foydalanuvchilari tarqatgan voqea-hodisalardan iborat yangiliklarni tayyorlashga odatlangan edi. Twitter’ning “While you were away…” (Siz yo‘qligingizda) xizmati foydalanuvchilariga ular o‘tkazib yuborgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan xabarlarni ulashib turadi. Hozircha juda yosh bu kabi onlayn xizmatlar kun kelib takomillashadi.

Internet foydalanuvchilari video almashinuv ilovalarni ma’qul ko‘rmoqdalar. SnapChat’ning Live Stories video almashinuv xizmatida ham avvaliga fotosurat almashish mumkin edi. Hozirda esa xizmatni video uzatuv to‘liq tashkil etadi.

Kelajakda mazkur video almashinuv xizmatlari yordamida tarixiy jarayonlarni bir umr internet tarmog‘iga saqlab qo‘yish, ulardan hujjatli filmlarda foydalanish, ularni yo‘nalish va mavzular bo‘yicha saralab, video jamlanmalar shakllantirish keng urfga kiradi.

Yuqoridagi internet rivojlanishi tendensiyalari shu zaylda rivojlanishda davom etsa, texnologik taraqqiyot hayotning yanada “Jonli” bo‘lishi, lahzani his qilish va saqlab qo‘yib, haqiqatni yetkazishga xizmat qiladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!