Yilning beqiyos, hamyonga mos smartfoni — Redmi Note 5 Pro!

Yilning beqiyos, hamyonga mos smartfoni — Redmi Note 5 Pro!

2018 yilning 16 martida Xiaomi kompaniyasi Redmi Note 5 Pro smartfonini rasman xalqaro bozorda sotuvga chiqardi. Devays Xitoy va Hindistonda 218 AQSh dollaridan (4+64 Gb) boshlab, 265 AQSh dollarigacha (6/64 GB) sotilmoqda.

Zamonaviy va hashamdor tashqi ko‘rinishi, o‘z toifasida va raqiblari orasida ilg‘or protsessorga ega bo‘lgani, old kamerada foydalanuvchi qiyofasi orqali tizimga kirish funksiyasining mavjudligi, sifatli ovoz, ayniqsa audio quloqchinlarda yaxshi tovush uzatish tizimi hamda bosh kamerada video tasvirga olganda barqarorlashtiruvchi texnologiyaning mavjudligi uning bosh yutuqlari sirasiga kiradi.

Dizayn borasida uzoq gapirish mumkin. Ayniqsa, orqa kamera ko‘rinishining iPhone X bosh kamerasiga o‘xshatib ishlangani diqqatni tortadi. Sifat borasida esa bu ayfon qilgan ishning yarmini uddalasa ham bu hamyonbop model uchun ayni muddao.

 

Dizayn hamda boshqaruv

Xiaomi Redmi 5 Plus kabi bugungi "qahramonimiz"ga o‘xshash smartfonlarga diqqat qiladigan bo‘lsak, ularning tashqi ko‘rinishida ko‘plab umumiyliklarni ko‘ramiz. Xiaomi Redmi Note 5 Pro korpusi "inilariniki" bilan bir xil, faqat undagi audio quloqchin porti panelning tomiga chiqqan bo‘lsa, bosh kamera moduli iPhone X flagmanidan nusxa olgan. Dizayn masalasida qolgan jihatdan qarshimizda "Xiaomi Redmi" turkumining navbatdagi vakili namoyon bo‘ladi.

O‘qing: Terabayt.uz'da eng ko‘p izlangan 10 ta smartfon

Redmi Note 5 Pro bugungi kunda Xitoyda va Osiyo bozorlarida talab eng yuqori bo‘lgan smartfonlar sirasiga kiradi. O‘rta narxli diapazonga mansub gadjet ekrani zamonaviy ko‘rinishda – 18:9 standartli. Uni kaftda tutib boshqarish avvalgi modellardan ancha qulay. Displey esa yupqa romlari bilan o‘ziga maftun qiladi. Orqa panel plastik va metall uyg‘unligida ishlangan.

Smartfon ko‘rinishi taassurotli hamda yoshlarning didiga mos. Ayniqsa 18:9 nisbatli cho‘zinchoq displey hamda ekran atrofidagi yupqa romlar smartfon hashamini yanada ochgan. Mazkur modelning yana bir o‘ziga xos yutug‘i shundaki ekrani ustida "o‘yig‘i" yo‘q.

Old panel — to‘liq shisha, korpusning qolgan qismi metalldan ishlangan. Xiaomi Redmi Note 5 Pro bir qarashda sifatli va juda pishiq qilib yig‘ilganini payqash oson. Qo‘lga olsangiz detallarning yaxshi o‘rnashgani, telefonning mustahkamligiga guvoh bo‘lasiz. Uni tomosha qilish asnosida biz qo‘limizda qimmat flagman turganini his qilamiz.

Biroq, albatta, Honor 9 Lite modeli kabi uni ko‘klarga ko‘tarish imkonsiz. Ammo, Xiaomi Redmi Note 5 Pro ekrani barmoq iziga va dog‘-dug‘ga unchalik o‘ch emas.

Displey hamda ovoz

Xiaomi smartfon bozoridagi shamolning yo‘nalishini juda yaxshi biladi. Shu sababli, Xiaomi Redmi Note 5 Pro modeli 5,99 dyuymli, IPS-matritsali hamda 2160 ga 1080 piksel (FHD+) sig‘imli ekran bilan ta’minlangan. Ekran 2.5D shaklidagi bezak hamda Gorilla Glass himoya shishasi bilan qoplangan.

Displey yorqin hamda ranglar o‘rtasidagi qarama-qarshilik, ya’ni kontrast yuqori. Avvalgi modellardan farqli ravishda, ekran tashqi yorug‘lik darajasidan kelib chiqib, kontrast hamda tasvir rangining haroratini avtomatik ravishda o‘zgartiradi.

Displey smartfon narxiga nisbatan ancha sifatli. Xiaomi Redmi Note 5 Pro displeyi bilan bog‘liq yana bir muhim jihat shuki, u sRGB ranglar standartini ham qo‘llab-quvvatlaydi. Ayrim qimmat devayslar ham bunday texnologiyaga ega bo‘lmagan.

Xiaomi Redmi Note 5 Pro displeyi ustida o‘tkazilgan tajribalar natijasi:

Yorqinlikning maksimal darajasi (maks./min.)

503/2 kd/m2

Kontrast (qancha yuqori = shuncha yaxshi)

1684:1

Rangni qamrash (sRGB) (90-100% — ideal, qancha yuqori = shuncha yomon)

91 %

DeltaE (kam bo‘lsa = shuncha yaxshi)

2,76

Gamma (ideal — 2,2)

2,3

Rang harorati (ideal = 6500K)

8100K

Ovoz borasida Xiaomi Redmi Note 5 Pro imkoniyatlari juda yuqori va foydalanuvchini xursand qiladi. Albatta, unda stereodinamiklar yo‘q. Faqat korpus quyisida birgina dinamik mavjud. O‘z narxiga nisbatan ovozni uzatish iste’dodiga tan berasiz. Audio quloqchinlarda ovozni uzatishi ham diqqatga sazovor.

Yirik va sifatli ekrani, qo‘sh sensorli bosh kamerasi, metall korpusi va funksiyalari bilan Xiaomi Redmi Note 5 Pro barcha raqiblarini ortda qoldiradi.

Kamera

Xiaomi Redmi Note 5 Pro'dagi bosh kamera modullaridan biri uchun 12 megapikselli va yorug‘lik taqsimlaydigan moslamasi f/2.2 standartli Sony IMX486 sensori, ikkinchisi uchun 5 Mp aniqligidagi (f/2.0) Samsung sensori tanlangan.

Xiaomi Redmi 5 Plus (kamerafonlikda bugungi injiq foydalanuvchini u qadar ham xursand qilmaydi) modelidan farqli ravishda, yangi modelda bosh kamera sensori ikki ob’yektivli. Shu bilan birga, o‘tgan yilga mansub Mi A1 modeli bilan taqqoslaganda, Redmi Note 5 Pro kamerasining ikkinchi sensorining megapikseli sezilarli darajada kichiklashgan. Ehtimol shu bois bo‘lsa kerak Redmi Note 5 Pro modeli Mi A1 kabi ikki karralik yaqinlashtirib suratga olmaydi. Biroq, Redmi Note 5 Pro "sun’iy aql" yordamida orqa foni g‘ira-shira qilingan surat oladi. 

Mi A1 hamda Redmi Note 5 Pro olgan suratlarni taqqoslaydigan bo‘lsak, ochiq-oydin bir haqiqat ayon bo‘ladi -- ulardagi kameralarning imkoniyati deyarli bir xil. Ya’ni,  Redmi Note 5 Pro bosh kamerasidan biror bir "inqilobiy" o‘ziga xoslik kutish – xato. Shu bilan birga, bu kameraning yorug‘lik sharoitda olgan suratlari internet tarmog‘ida sizni uyaltirmaydi.

Selfi kamera esa chakki emas – 20 megapikselli matritsa siz olmoqchi bo‘lgan avtoportretni detal va ranglarga to‘yimli qilib oladi. Garchi, old kamera "20 Mp" degan jarangdor nomga ega bo‘lgan bo‘lsa ham, ayrim sharoitda suratda "shovqin" miqdori yuqori bo‘ladi. Bunga dasturiy ta’minot yordamida barham berish mumkin. Biroq harakat qilinsa, badiiy va taassurotil selfilar olish mumkin.

Xiaomi Redmi Note 5 Pro kamerasida videoni dasturiy barqarorlashtirish funksiyasi joriy qilingan. Natijada video tasvir sifatli chiqadi, qo‘l o‘ynab ketganda ham tiniq surat chiqadi. Bosh kamera Full HD (30 k/s) video tasvirga oladi.

Quyida Xiaomi Redmi Note 5 Pro kamerasida olingan suratlarga baho bering:

Old kamerada olingan selfi:

Suratlarni ko‘zdan kechirib aytish mumkinki, kameraning rang-tasvirni qabul qilish va ifodalash ko‘nikmasi narxiga nisbatan yuqori, suratlar sifatli va rang-tusning muhrlanishi tabiiy. Kameraning yorug‘lik yaxshi sharoitda olgan suratlari, ayniqsa ko‘ngildagidek.

Samardorlik

Xiaomi Redmi Note 5 Pro modelida o‘rnatilgan Qualcomm Snapdragon 636 protsessorida 8 ta hisoblash yadrolari mavjud. Ularning chastota tezligi 1,8 GGs.gacha yetadi. Shu bilan birga, mazkur mobil qurilma Adreno 509 video kartasi bilan ham ta’minlangan.

XiaomiToday nashri xodimlari tomonidan Xiaomi Redmi Note 5 Pro modelining platforma samaradorligi taniqli AuTuTu benchmarkida sinovdan o‘tkazilganida, u 112649 ball to‘plashga erishgan. Ya’ni natijalariga ko‘ra, Redmi Note 5 Pro modeli Redmi Note 5 hamda Redmi Note 3 modellaridan ancha kuchli bo‘lib chiqdi. Biroq, bu model samarali ishlashda Mi Note 3, Mi 6, Mi 5S hamda Mi 5 modellaridan ortda qoldi. Bu modellarning flagman ekani, kuchli protsessorga ega bo‘lgani hisobga olinsa, buni tushunish mumkin.

Bu yil Qualcomm Snapdragon 636 protsessori ommalashdi. Misol uchun, ASUS — ZenFone 5 modeli ham shunday chipga ega. Faqat bu smartfon narxi ancha qimmat.

Uning tezkor xotira sig‘imi 4/6 gigabaytli va doimiy xotira uchun 64 gigabayt joy ajratilgan. Smartfon Android 7.1 operatsion tizimida ishlaydi. Umuman olganda, Note 5 Pro tezkor smartfon hamda foydalanish chog‘ida "qotib qolish" yoki uzilishlar kuzatilmaydi. Unda "og‘ir" o‘yinlarni ham maza qilib o‘ynash mumkin.

Shu bilan birga, X9 LTE mobil modemi aloqa sifati uchun javobgar bo‘ladi. Aytish kerakki, Snapdragon X12 LTE mobil aloqa modemi Xiaomi Redmi Note 5 Pro'dagi aloqa sifati uchun mas’ul bo‘lgan innovatsion apparat ta’minotidir.

Android One 8.1 Oreo operatsion tizimining mohirona o‘zlashtirilgan MIUI 9.5 talqini foydalanuvchi uchun ko‘plab imkoniyat va funksiyalarni taklif qiladi. Xiaomi Redmi Note 5 Pro old kamerasi orqali foydalanuvchi qiyofasini tekshirib telefonni blokirovkadan chiqaradi. Bu funksiyaning ishlashi aniq va tezkor. Hamyonbop model uchun bu kutilmagan jihat.

Akkumulyator

Xiaomi odatda Redmi turkumiga mansub smartfonlariga yirik sig‘imli akkumulyatorlarni o‘rnatadi. Xiaomi Redmi Note 5 Pro quvvatiga javobga bo‘lgan akkumulyatorning elektr toki sig‘imi 4000 mA soat va Quick Charge 2.0 funksiyasi yordamida uni yarim soatda 60 foizga to‘ldirish mumkin. Uni to‘liq quvvatlab, faol ishlatganda Note 5 Pro quvvati bir yarim kunga yetadi. Bu foydalanuvchini xursand qiladigan natija.

Narx-navo hamda raqiblar

Xitoyning o‘zida bu smartfon 218 AQSh dollaridan (4/64 GB) boshlab, 265 AQSh dollarigacha (6/64 GB) baholangan bo‘lsa, bizga yetib kelguncha uning narxi ancha ko‘tarilgan edi. Redmi Note 5 Pro modeli ilk kunlarda 2 725 000 so‘mdan sotilgan bo‘lsa, hozirda uning bahosi o‘rtacha 2,2 million so‘mni tashkil qiladi.

 

Huawei P20 Lite

Honor 7X

Raqiblari qatorida Huawei P20 Lite, Honor 7X kabi gadjetlarni aytish mumkin. Biroq, ularning protsessor imkonyaitlari bir oz pastroq. Kim uchundir bu ahamiyatsiz. Narx masalasida ham raqiblar bir oz qimmat.

Kamera borasida ham imkoniyatlar deyarli teng. Old kamera masalasida esa Xiaomi Redmi Note 5 Pro tengsiz. Akkumulyator masalasida ham bu "Syaomi" raqiblarini dog‘da qoldiradi.

Xulosa

Xiaomi Redmi Note 5 Pro modelida ochiq-oydin birorta kamchilik ko‘zga tashlanmaydi. Hammasi juz’iy kamchiliklar. Misol uchun, old ko‘rinish boshqa modellarga o‘xshash dizaynda va boshqalar. Smartfonning savdoga qo‘yilgan ilk partiyasi, ya’ni 300 ming donasi 3 daqiqaga qolmay sotib bo‘lindi. Bu natija esa Xiaomi tarixidagi tez sotilish bo‘yicha rekordni yangiladi. Bu natija behudaga emas.

Xiaomi Redmi Note 5 Pro modeli Snapdragon 636 chipi bilan yanada ishonchli, chiroyli korpusi bilan jozibador hamda kameralari bilan diqqatga sazovor.

Umuman olganda, Xiaomi Redmi Note 5 Pro avvalgi an’analarga tayangan hamda bugungi trendlarni o‘zlashtirgan yaxshi smartfon.

Xiaomi Redmi Note 5 Pro'ning texnik jihatlari:

Ekran: 5.99 dyuymli, FHD+ sig‘imli (2160 x 1440 pikselli), IPS matritsali, 2.5D shaklidagi bezak hamda Gorilla Glass himoya shishasi bilan qoplangan. Har bir dyuymdagi piksellar soni -- 403 (ppi) ta!!!

Protsessor: 1.8 Ggs, 64 bitli va 8 yadroli Snapdragon 636; 
Video karta: Adreno 509;
Tezkor xotira: 4 Gb / 6 Gb;
Doimiy xotira: 64 gigabayt va micro SD orqali 128 gigabaytgacha kattalashtirish mumkin;
Bosh kamera: 12 Mp (f/2.2) Sony IMX48 + 5 Mp (f/2.0), LED fotochaqnoq;
Selfi kamera: 20 megapikselli (f/2.2) Sony IMX376 sensori, ilg‘or LED fotochqanoq;
Operatsion tizim: Android 7.1.2 Nougat'ning MIUI 9 proshivkasi;
Aloqa: WiFi, 3G, LTE w/ VoLTE, Bluetooth 4.2, OTG, GPS, A-GPS, GLONASS, qo‘sh SIM karta (gibrid);
Boshqa jihatlari: barmoq izi skaneri, infra qizil nur;
Korpus ranglari: qora, tilla, pushti tilla, ko‘k;
O‘lchamlari: 158.6 x 75.45 x 8.05 mm;
Vazni: 181 gramm.

O‘qing: Nokia X6 "Malika"dagi eng yaxshi hamyonbopning kushandasi

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

 Afzalligi

 Kamchiligi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!