«Yubiley ayfoni»dagi xatoni ham Apple rasman tan oldi!

  •   DiMaX
  •  2421
  •  29.09.2017 11:27

«Yubiley ayfoni»dagi xatoni ham Apple rasman tan oldi!

Apple kompaniyasi yangi iPhone X flagmanida tatbiq etilgan Face ID – yuzni tanish funksiyasi bilan bog‘liq xatoni rasman tan oldi. Bu haqda kompaniya rasman e’lon qilgan pdf formatli hujjatda ma’lumot berilgan.

Mazkur funksiya smartfon sohibining yuzini infraqizil datchikli kamera yordamida skanerlash orqali tanib, blokirovkani shu bilan ochishga xizmat qiladi. Biroq uning taqdimot marosimidayoq Face ID ishlamay qolib, ancha gap-so‘zlarga sabab bo‘lgan edi. Bu to‘g‘rida turli fikrlar ko‘payavergach, kompaniya noiloj, shunday muammo yuzaga kelishi mumkinligini rasman e’tirof etishga majbur bo‘ldi.

Apple e’lon qilgan hujjatda aytilishicha, egizaklarning, shuningdek, shunchaki o‘zaro o‘xshash aka-ukalar yoki opa-singillarning yuzlarini tanishda Face ID adashishi mumkin. Bulardan tashqari, yana 13 yoshdan kichik bolalarning yuzlarini tanishda ham mazkur funksiya adashishi ehtimoli bor, chunki ularning yuz bichimlari to‘liq shakllanib ulgurmagan.

Umuman olganda, bularni Apple muammo deb hisoblamayapti va shunchaki, shu kabi holatlar yuzaga kelsa, smartfonni parol bilan himoyalashni tavsiya etyapti.

Eslatib o‘tamiz, Apple Watch Series 3 smart-soatlarida yuzaga kelgan nuqson sababli kupertinolik gigant rasman bayonot berib, aybini tan olgan edi. Shuningdek, iPhone 8 hamda iPhone 8 Plus egalari ham telefonda gaplashish chog‘ida dinamikdan jonga teguvchi shovqin chiqayotganidan nolishgan va mazkur nuqson dasturiy ta’minot bilan bog‘liqligiga ham Apple iqror bo‘lgan.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!