Yulduzlar chorlamoqda: Amazon koinotshunoslik bilan ham shug‘ullanmoqchi

  •   Saroy
  •  620
  •  06.09.2018 18:06

Yulduzlar chorlamoqda: Amazon koinotshunoslik bilan ham shug‘ullanmoqchi

Kuni kecha Amazon kompaniyasining kapitallashuvi 1 trillion dollardan oshgani haqida xabar tarqalgan edi. Ammo amazonchilar bu muvaffaqiyat bilan cheklanib qolish niyati yo‘qligini aytib, oldiga katta maqsadlarni qo‘yishga qaror qilganini e’lon qildi.

Bir so‘z bilan aytganda, kompaniya yulduzlarga intilmoqda.

Reuters e’lon qilgan hisobotda aytilishicha, Amazon hozirda  Chili hukumati bilan muzokara olib bormoqda. Maqsad, Chilidagi ulkan teleskoplar orqali olingan yulduzlar haqidagi  ma’lumotlarni qayta ishlashdan iborat.

Agar bu borada kelishuvga erishilsa, u fazogirlar uchun ham, Amazon uchun ham, va mamlakat aholisi uchun ham foydali bo‘ladi.

Hozirda astranomiyaga ishlatilayotgan mablag‘ning 70 foizi to‘g‘ri Chili hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Ushbu davlat osmonining tiniqligi va yog‘ingarchilikning past darajadaligi bilan astranomik tadqiqotlar uchun juda mos keladi. Aynan shuning uchun ham, bu yerda dunyoning eng ulkan bir nechta teleskoplari o‘rnatilgan, yana bir qanchasi bunyod etilmoqda. Mazkur qurilmalar koinotdagi yulduzlar haqida juda katta ma’lumotlar bazasini yaratadi.

O‘QING:Amazon Apple’ni quvib yetdi: endi uning narxi ham 1 trillion dollar turadi

Muammo shundaki, ushbu ma’lumotlarning barchasini qanday qilib qayta ishlash mumkin. Mana shu yerda Amazon’ning bulutli hisoblash markazi Amazon Web Services (AWS) ning yordami asqotishi mumkin.

Chili prezidenti Sebastyan Pinerining bayonot berishicha, davlat barcha teleskoplardan olingan jami ma’lumotlarni yagona bulutli “virtual observatoriya”da saqlashni hohlamoqda. Buning uchun juda katta miqdorda raqamli makon kerak bo‘ladi, chunki yaqin orada u yerda qariyb milliard yulduz haqida ma’lumot joylashishi kerak.

Agar Amazon ushbu ma’lumotlarni saqlash uchun shartnomaga ega bo‘lsa, bu uning uchun ikki sababga ko‘ra foydali bo‘lar edi.

Birinchidan, hozirdanoq AWS Latin Amerikasi davlatlarini aynan Amazon’ning bulutli xizmatidan foydalanishga ishontirishga harakat qilmoqda. Agar astroma’lumotlar bilan bog‘lik loyiha kuchga kiradigan bo‘lsa, kompaniyaning mazkur mintaqadagi pozitsiyasi sezilarli ravishda kuchayadi.

O‘QING:Bu xato. Apple tasodifan trillion dollar turadigan kompaniyaga aylandi

Ikkinchidan, bunday hamkorliklar va shunday ko‘p ma’lumotlar sun’iy intellekt algoritmini yaratishga yordam beradi. Keyinchalik esa uni astronomiya ma’lumotlarini tushunishda  qo‘llash mumkin. Bunday sun’iy intellekt katta ma’lumotlar bazasidagi anomaliyani payqay olishi mumkin. Bu nafaqat tibbiyotga, balki moliyaviy sektorga ham yordam beradi. Qolaversa, umuman olganda bunday algoritmlar ko‘p ishlarni qilishga qodir. Masalan, do‘konlarda o‘g‘rilarni kuzatishdan tortib, o‘layotgan hayvonlarni himoya qilishgacha.

Albatta, bularning barchasi uchun eng avvalo shartnoma imzolanishi kerak, hozircha esa hech qanday qog‘ozga imzo chekilmagan.

 

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!