Apple App Store’ga Samsung Pay Mini ilovasini joylashga ruxsat bermadi

Apple App Store’ga Samsung Pay Mini ilovasini joylashga ruxsat bermadi

Joriy yilning birinchi choragida Janubiy Koreyaning Samsung kompaniyasi Samsung Pay Mini nomli to‘lov tizimini tanishtirgan edi. Ushbu servis do‘konlarda mahsulot xarid qilishga emas, balki aynan onlayn to‘lovlarni amalga oshirishga mo‘ljallangan. Tabiiyki, ushbu servisdan bank kartasi yordamida istalgan smartfonda foydalanish imkoniyati mavjud.

Samsung kelgusi yilning yanvar oyida mazkur servisning Android va iOS ilovalarini ishga gushirishni rejalashtirgan edi. Biroq, so‘nggi xabarlarga qaraganda servisning iOS ilovasi chiqarilmasligi mumkin ekan. ET News saytining yozishicha,  Samsung kompaniyasining ushbu servis ilovasini App Store’ga joylash bo‘yicha bildirgan taklifi Apple tomonidan rad etilgan. Bunga, albatta, ikki gigant o‘rtasida raqobat sababdir. Samsung ushbu qaror yuzasidan sudga murojaat qilishi mumkin edi. Biroq Janubiy Koreya firmasi ilovani App Store’ga joylash fikridan qaytgan, deyiladi manbada.