Apple iPhone 8 simsiz zaryadlash texnologiyasiga ega bo‘ladi…nihoyat

Apple iPhone 8 simsiz zaryadlash texnologiyasiga ega bo‘ladi…nihoyat

So‘nggi paytlarda “Olma”ning navbatdagi flagmani to‘g‘risida turli tafsilotlar internet tarmog‘ida e’lon qilinmoqda. Misol uchun, bundan bir necha kun avval Yaponiyaning Sharp kompaniyasi Apple iPhone 8 OLED displey bilan jihozlanishi haqidagi xabarni oshkor etgan edi. Bugun esa turli nashrlarda kelgusi yilda taqdim etiladigan Apple iPhone 8 simsiz zaryadlash texnologiyasini  qo‘llab-quvvatlashi borasida ma’lumotlar paydo bo‘ldi.

Xususan, hi-tech.mail.ru saytining yozishicha, Apple qurilmalarini tayyorlaydigan Tayvanning Foxconn kompaniyasi hozirda simsiz zaryadlash texnologiyasi uchun zarur bo‘ladigan komponentlarni ishlab chiqmoqda ekan.

Aslida ko‘pchilik mazkur funksiyani shu yilning sentyabr oyida namoyish etilgan iPhone 7 modelida kutgan edi. Biroq ”olma”  bu safar ham arqonni uzun tashlab qo‘ydi. Eslatib o‘tamiz, mazkur funksiya Apple’ning eng kuchli raqibi bo‘lgan Samsung smartfonlariga allaqachon tatbiq etilgan.