Crackdown 3 o‘yini: barchasini vayron qil!

  •   DiMaX
  •  879
  •  26.10.2018 09:59

Crackdown 3 o‘yini: barchasini vayron qil!

Joriy yilning 13–15 iyun kunlari Los-Anjelesda bo‘lib o‘tgan Electronic Entertainment Expo (E3 2018) ko‘rgazmasida Crackdown o‘yinining uchinchi versiyasi ham eslab o‘tilgan edi. Shundan keyin bu o‘yin haqda biror yangilik uchramayotgandi, endi Klobrille nikli insayder geymerlarga uni eslatdi.

O‘QING: Xellouin arafasida Sony «dahshatli» PlayStation o‘yinlariga ulkan chegirma e’lon qildi

Twitter mikrobloglar tarmog‘ida Klobrille yozgan tvitlarga qaraganda, Crackdown 3 ustida ikkita jamoa ishlamoqda. Microsoft to‘rt nafar geymerga mo‘ljallab qiziqarli syujet yozishni Sumo Digital kompaniyasiga topshirgan. Ruffian Games esa ushbu o‘yin uchun multipleyer rejimini yaratish ustida ishlamoqda.

Insayderning yozishicha, Crackdown 3 mazkur o‘yinning birinchi talqinidan ikki karra katta bo‘ladi. O‘yin xaritasida hatto balandligi 1.2 kilometrga yetuvchi osmono‘par bino ham bor, bu esa ayni damda dunyodagi eng yuksak bino – «Burj Xalifa»dan 400 metrga baland, deganidir.

Klobrille geympley haqida batafsil ma’lumot bermagan, lekin unda geymerlar ko‘zlariga ko‘ringan hamma narsani buzib, vayron qilishlari mumkinligini aytgan. Crackdown 3 xaritasida mingta shar yashiringan bo‘lib, o‘yinchilar ularni topishlari kerak bo‘ladi.

Garchi bular hozircha faqat mish-mish bo‘lsa-da, Klobrille allaqachon geymerlar ishonchini qozonib ulgurgan. Shu yilning iyunida bu insayder Microsoft korporatsiyasi Playground Games’ni sotib olishini oldindan aytgan. Oktyabrda esa, bu kompaniya Obsidian bilan muzokaralar olib borayotganini ma’lum qilgan.

Crackdown 3 taqdimot vaqti hozircha noma’lum, bu boradagi va umuman o‘yinlar haqidagi yangiliklardan birinchilar qatorida boxabar bo‘lib borish uchun bizni kuzatishda davom eting.

O‘QING: Red Dead Redemption 2 o‘yinining taqdimotini kutmasdan, uni yuklab olish mumkin!