Google Photos barcha Android-smartfonlarni «qo‘sh kamerali» qiladi!

  •   DiMaX
  •  1233
  •  24.09.2018 10:37

Google Photos barcha Android-smartfonlarni «qo‘sh kamerali» qiladi!

Smartfonlarning asosiy kamerasini juft ob’yektivli qilib chiqarish keyingi paytlarda urfga kirayotir. Qo‘shaloq kameraning suratga olish imkoniyatlari katta, jumladan, unda boke effekti bilan chiroyli portretlar olish mumkin.

O‘QING: MDC Grand Pro – O‘zbekistondagi eng arzon qo‘sh kamerali 4G-smartfon

Boke effekti – suratga olinayotgan asosiy ob’yektni aniq-tiniq qilib, orqa fonni esa xiralashtirib rasmga olish, demakdir. Qo‘shaloq kamerali smartfonlarning ikkinchi ob’yektivi asosan ayni shu funksiya uchun qo‘llanadi. Ko‘pincha portretlar shunday usulda olingani uchun, uni «portret rejimi» deb ham atashadi.

Ammo yaqin orada asosiy kamerasi bitta modulli smartfonlar egalari ham ushbu imkoniyatdan foydalana oladigan bo‘lishadi. Google Photos (yoki Google Foto) servisida hozirda sinab ko‘rilayotgan yangi funksiya shundan dalolat berayotir. Bunda foydalanuvchi suratning sozlamalariga kirib, boke effektini joriy etishi – asosiy ob’yektdan boshqasini g‘ira-shira ko‘rinadigan qilishi mumkin bo‘ladi.

O‘QING: Smartfon kameralarining siz bilmagan 13 ta funksiyasi

Shuningdek, Google Photos juft modulli kameraga ega bo‘lgan yana bitta – Color Pop rejimini ham sinovdan o‘tkazmoqda. Bunda tasvirdagi orqa fon – asosiy ob’yektdan boshqasi oq-qora ko‘rinish oladi. Foydalanuvchilar bu rejimni ham qo‘lda sozlashlari mumkin bo‘ladi.

Darvoqe, Color Pop rejimi avval ham mavjud bo‘lib, faqat o‘ziga joylangan assistent orqali avtomatik rejimdagina ishlar edi. Endi esa Google Photos servisida Color Pop alohida filtr tarzida ishga tushirilmoqda.

Shu tariqa, Google kompaniyasi o‘z operatsion tizimi boshqaruvi ostidagi yakka kamerali smartfonlarga ham qo‘sh kamerali gadjetlar imkoniyatlarini baxsh etmoqchi. Faqat ayni damda ushbu yangi imkoniyatlar test rejimida, ayrim foydalanuvchilardagina sinab ko‘rilmoqda. Agarda sinovlar yaxshi o‘tsa, Google Foto ilovasining navbatdagi yangilanishlari orqali bu imkoniyatlar barcha smartfon foydalanuvchilarga taqdim etiladi.

O‘QING: Android-smartfon kamerasidan 100 foiz foydalanishning 10 ta usuli

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!