Nega dasturchilar Telegram’ni birinchi o‘ringa qo‘yishadi?

  •   DiMaX
  •  1044
  •  03.05.2018 14:24

Nega dasturchilar Telegram’ni birinchi o‘ringa qo‘yishadi?

Sizga ma’lumki, yaqinda Rossiyada Telegram messenjeri bloklab qo‘yildi. Bu esa rossiyalik foydalanuvchilar uchun haqiqiy ko‘ngilsizlik bo‘ldi, desak adashmaymiz. Faqat farqi shuki, kimdir o‘ziga qulay bo‘lgan oddiy stikerli messenjerdan mahrum bo‘lgan bo‘lsa, boshqasi o‘xshashi yo‘q, o‘zi uchun o‘ta muhim bo‘lgan biznes-instrumentidan ajraldi.

Ikkinchi holatda, fojea miqyosi dastlabki ko‘rinishidan anchayin jiddiyroqdir. GoodWAN loyihasi rahbari Filipp Medvedev Telegram’ning beqiyos vazifalari haqida gapirar ekan, uni boshqa messenjerlar bilan almashtirib bo‘lmasligi sabablarini ham atroflicha bayon qildi.

O‘QING: Pavel Durov: "Ertaga kech bo‘lishi mumkin!"

Bugungi kunda Telegram imkoniyatlari ayrim boshqa messenjerlarning imkoniyatlaridan jiddiy ustunlikka ega. Bundan tashqari, u kompaniyaning reklama va PR maqsadlari uchun eng qulay, xavfsiz va samaralidir, unda hali unchalik mashhur bo‘lmagan juda ko‘p opsiyalar mavjud. Dasturchilar va AT mutaxassislari ushbu opsiyalardan faol foydalanmoqdalar.

Bu yerda gap qurilmalar va xizmatlarni o‘zaro integratsiyalash sohasidagi yechimlar haqida bormoqda. Bu, birinchi navbatda, botlardan foydalanish va ularni ochiq API’da qo‘llash imkoniyatlaridir. Telegram botlari aniq bir foydalanuvchi va guruhli chatlari bilan o‘zaro birgalikda harakatlanadigan, xabarlarni qabul qiladigan va jo‘nata oluvchi dasturiy yo‘llar bilan boshqariladigan akkauntlarni o‘zida ifoda etadi. Ular barcha buyruqni berish mumkin bo‘lgan ochiq API yordamida boshqariladi.

Shu bilan birga, mazkur botlarning funksiyalari ko‘p – ular yangiliklarni berib borish kabi eng oddiy harakatlardan tortib, murakkab tahliliy mexanizmlargacha bajara olishi mumkin. Botning asosiy vazifalaridan biri, bu – foydalanuvchi buyruq kiritgandan keyin avtomatik ravishda, ya’ni shu zahotiyoq javob berishidir. Telegram’da interfeys orqali ishlashda, dastur haqiqiy bo‘lib o‘tayotgan suhbat chog‘idagi foydalanuvchining aniq harakatlarini aks ettiradi, shu bois ham bu botdan foydalanishni anchayin osonlashtiradi.

Bunday dasturlar bir turdagi ishlarni juda tez bajaradi va xodimlarning ishini yengillashtirib, mablag‘ni ham tejaydi. Eng muhimi – ulardan to‘laqonli biznes-instrument sifatida foydalanish mumkin. Masalan, GoodWAN kompaniyasi Telegram-botlarni o‘zining IoT-tizimida faol qo‘llaydi.

Xususan, botlar ma’lumotlarni interaktiv uzatish tugmachasidan kelib tushadigan axborotlarni qayta ishlash uchun foydalanildi. Bunday tugmachalar va Telegram-botlar yordamida, masalan, ma’lum bir xodim bilan bog‘lanish, buyurtmalarni rasmiylashtirish, xabarni tayanch xizmatlarga jo‘natish va shunga o‘xshash boshqa harakatlarni juda oddiy va tez bajarish mumkin. Darvoqe, buning uchun kompaniyalar o‘zlarining botlarini yaratishi shart emas, chunki buning uchun bozorda tayyor yechimlar mavjud.

O‘QING: Nima sababdan maxsus xizmatlar Telegram'ni yomon ko‘radilar?

Afsuski, bugungi kunda mavjud bo‘lgan boshqa birorta ham messenjer bunday imkoniyatlarga ega emas. Ayrim funksiyalar Skype va Facebook Messenger’da bor, lekin ularda cheklovlar haddan tashqari ko‘p. Facebook orqali suhbatlashish uchun kamida o‘zining akkaunti kerak bo‘ladi, unchalik oson bo‘lmagan ijtimoiy tarmoqqa qo‘shilish va ro‘yxatdan o‘tish jarayoni ko‘plab foydalanuvchilarni cho‘chitadi.

Ustiga ustak, hozirda Rossiyada Facebook’ning ahvoli Telegram’ga qaraganda u qadar ishonchli emas, chunki haligacha shaxsiy ma’lumotlarni Rossiya Federatsiyasi hududiga joylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishilmagan. Skype esa, o‘zining mobil va statsionar qurilmalaridagi ilovalari qo‘polligi bois auditoriyasini yo‘qotishda davom etmoqda.

Telegram’da akkauntni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun esa, faqat mobil telefon raqami va atigi bir daqiqa vaqt kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, ilovalari boshqa shunga o‘xshash ilovalarga qaraganda ancha ko‘p funksiyaga ega, lekin shunga qaramay, yuzerlar qurilmaning resurslaridan u qadar ko‘p foydalanmaydi.

Agar Telegram’ning ahamiyati oddiy messenjerlar darajasida ko‘rib chiqiladigan bo‘lsa, hali muhokama qilinishi lozim bo‘lgan tomonlari bordir, lekin ko‘p vazifani bajaruvchi platformalar sifatida foydalanuvchi bilan o‘zaro birga harakat qilishi esa, bu shak-shubhasiz, hali munosib muqobiliga ega bo‘lmagan, o‘ta noyob yechimdir. Xulosa shuki, Telegram’ni bloklash natijasida qator ilg‘or, yangi AT-yechimlar yo‘qqa chiqariladi. Xo‘sh, ayting-chi, u shunga munosibmi?

O‘QING: Yana bir mamlakat Telegram’ni bloklamoqchi. Qani, urinib ko‘rsin-chi!