OnePlus Nord – kompaniya rahbari iPhone SE 2020 kushandasi bo‘lgan eng arzon smartfonini videoda ko‘rsatdi!

  •   DiMaX
  •  1117
  •  01.07.2020 10:03

OnePlus Nord – kompaniya rahbari iPhone SE 2020 kushandasi bo‘lgan eng arzon smartfonini videoda ko‘rsatdi!

«Aslo qotmas» shiori ostida smartfonlar tayyorlovchi kompaniya OnePlus 8 hamda OnePlus 8 Pro flagmanlarini aprelda namoyish qilgan. Lekin ushbu turkumning yana bir – arzon modeli ham bo‘lishi anchadan beri ma’lum.

O‘QING: OnePlus 8 turkumidagi eng arzon smartfon Geekbench’da: naq 12 GB «operativka»!

Mazkur arzon smartfonning OnePlus 8 Lite yoki OnePlus Z deb nomlanishi kutilayotgan edi. Ammo kompaniyaning o‘zi Twitter’dagi rasmiy akkaunti orqali aytishicha, uni OnePlus Nord deb atashgan.

Shu bilan birga, OnePlus ushbu qurilmasiga bag‘ishlangan hujjatli filmning birinchi qismini Instagram’da e’lon qildi. Unda qurilmaning yaratilish tarixi va boshqalar haqida hikoya qilinishidan tashqari, smartfonning o‘zini ham ko‘rsatgan:

Ko‘rib turganingizdek, OnePlus Nord displeyidagi oval tirqishda qo‘shaloq old kamera joylashgan. Mazkur modelning OnePlus 8 turkumidan farqi – ekran chetlari qayrilgan emas, lekin romlari o‘shalardagi kabi o‘ta nozik.

O‘QING: OnePlus Xiaomi'ni ortda qoldirdi!

OnePlus Nord bosh kamerasi esa birorta smartfonnikiga o‘xshamaydigan dizaynga ega: uning uchta moduli «G» harfi shaklida joylashgan! Xabarlarda ularning 64, 16 va 2 megapiksellik ekanligi aytilmoqda.

OnePlus asoschisi va bosh direktori Pit Lau so‘zlariga ko‘ra, bu model kompaniyaning keyingi yillardagi narxi 500 dollarga yetmaydigan ilk smartfoni bo‘ladi. Mish-mishlarga qaraganda, uni 299 dollardan boshlanuvchi narxlarda taklif etishadi.

Kompaniya bugundan – 1 iyuldan yangi smartfonning 100 donasi uchun oldindan buyurtma ochilishini e’lon qilgan, lekin narxini aniq aytmagan. OnePlus Nord rasmiy taqdimoti esa shu yoki keyingi haftada (ba’zi manbalarga ko‘ra – 7 iyulda, boshqalariga ko‘ra – 10 iyulda) bo‘lib o‘tadi.

O‘QING: iPhone SE 2020 kushandasi: OnePlus eng arzon smartfonini tez orada taqdim etadi!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!