Telegram’da notanish kontaktlar paydo bo‘lyaptimi? Bartaraf etamiz!

  •   DiMaX
  •  19235
  •  20.02.2018 13:42

Telegram’da notanish kontaktlar paydo bo‘lyaptimi? Bartaraf etamiz!

Ayrim hollarda Telegram foydalanuvchilari shunday muammoga duch kelishadi: kontaktlar safidan allaqachon o‘chirib yuborilgan, ba’zan esa hatto umuman notanish kontaktlar paydo bo‘lib qoladi. Quyida shu muammoning yuzaga kelish sabablarini va undan qutulish yo‘llarini ko‘rib chiqamiz.

O‘QING: Android’dan Android’ga kontaktlarni o‘tkazish

Nega shunday bo‘ladi?

Messenjer orqali «Falonchi ham Telegram’ga qo‘shildi» qabilidagi xabarlar sizga ham kelgandir, hoynahoy. Ba’zan umuman notanish kontaktlar smartfonning «Telefon kitobchasi», ya’ni qurilmaning o‘zidagi kontaktlar ro‘yxati bilan sinxronlashadi; bu holat  iOS-gadjetlarda ham, Android-devayslarda ham uchraydi.

Buning sababi shundaki, Telegram tizimi har bir akkaunt uchun o‘z serverida telefon raqamlarining maxfiy ro‘yxatini saqlab qo‘yadi. Ular SIM-kartadan, «Telefon kitobchasi»dan, boshqa messenjerlardan, Google va Apple ID akkauntlaridan ko‘chirib olinadi.

Nimaga kerak bu?

Telegram’ga yangi foydalanuvchi qo‘shilganida, messenjer bu haqda u bilan «bog‘langan» barcha akkaunt egalarini xabardor qilishni ko‘zda tutadi. Bir qarashda g‘alati tuyulsa-da, mazkur messenjerni endi ishlata boshlaganlar o‘zlarining tanish-bilishlarini Telegram’da ham tezda topib olishlari uchun bu kerak.

Xullasi kalom, Telegram’da «begona» kontaktlar quyidagi hollarda paydo bo‘ladi, ya’ni, ikkita akkauntning kontaktlari bir-biriga o‘tib qoladi:

  • Telegram o‘rnatilgan smartfon yoki planshetga boshqa SIM-karta qo‘yilsa;
  • Mazkur messenjer o‘rnatilgan qurilmada boshqa birovning Telegram’dagi, Google yoki Apple ID’dagi akkaunti orqali kirilsa;
  • Siz boshqa bir devaysda o‘z Telegram-akkauntingizga kirsangiz.

O‘QING: Xushxabar: endi Telegram’ga bir nechta akkaunt qo‘shish mumkin!

Qanday qutulsa bo‘ladi?

Telegram serveridagi maxfiy ro‘yxatni tozalashning keskin usuli – o‘z Telegram-akkauntingizni o‘chirib yuborishdir. Shunda hammasidan birato‘la qutulasiz.

Lekin bunday qilishni tavsiya etmaymiz, zero, ortiqcha kontaktlardan qutulishning osonroq yo‘llari ham bor. Buning uchun, smartfoningizning operatsion tizimiga bog‘liq holda, quyidagi usullardan birini qo‘llashingiz mumkin.

iOS tizimli devayslar uchun kontaktlarni serverdan o‘chirishning sodda usuli: Telegram’ning bosh sahifasini ochasiz. «Shesternyacha» shaklidagi sozlamalar belgichasi ustiga tez-tez 10 martadan ko‘proq bosasiz. Ochilgan menyuda «Serverdagi kontaktlarni tozalash» («Reset Server Contacts») opsiyasini tanlaysiz.

Android tizimli gadjetlar uchun Telegram-kontaktlarni serverdan o‘chirishning oson yo‘li: kliyentni ochib, bosh menyuni bosasiz. «Shesternyacha» shaklidagi belgichasi orqali sozlamalarga o‘tasiz va eng oxirigacha tushasiz. Shu yerda Telegram’ning versiyasi haqidagi xira rangli yozuv bor, o‘shaning ustiga ozroq vaqt – vibratsiyali signal bo‘lgunicha bosib turasiz. Keyin uni qo‘yib yuborasiz va ikkinchi marta ham xuddi shuncha vaqt bosib tursangiz, «Tuzatish menyusi» («Menyu otladki») sarlavhali oynacha chiqadi.

Undagi «Kontaktlarni qayta yuklash» («Perezagruzit kontakti») bandini, keyin esa – «Import qilingan kontaktlarni bekor qilish» («Sbrosit importirovannie kontakti») bandini tanlaysiz.

Ayrimlarini tanlab o‘chirish ham mumkin

Agarda Telegram’ga qo‘shilib qolgan kontaktlarning hammasini birvarakayiga emas, balki ular orasidan ayrimlarini tanlab o‘chirish kerak bo‘lsa, buning uchun https://web.telegram.org/ manzili orqali messenjerning veb-versiyasini ochishingiz kerak bo‘ladi.

Uning yuqori chap burchagida joylashgan, uchta gorizontal chiziqcha shaklidagi menyu tugmachasini bosasiz. «Kontaktlar» («Contacts») bandini tanlasangiz, oynacha shaklida kontaktlar ro‘yxati chiqadi. Shu oynachaning yuqori o‘ng tomonidagi «Tahrirlash» («Edit») tugmachasini bosasiz, so‘ng bitta-bitta tanlab, pastki o‘ng burchakdagi «O‘chirish» («Delete») tugmachasini bosasiz – vassalom!

Xo‘sh, kontaktlar ro‘yxatini tozalashga kirishamizmi?

O‘QING: Telegram X’ning oddiy Telegram’dan farqi nimalarda?