12000 mA/s batareyali Doogee smartfoni hamyonbop narxda sotuvga chiqarildi

12000 mA/s batareyali Doogee smartfoni hamyonbop narxda sotuvga chiqarildi

Kuni kecha Xitoyning taniqli onlayn savdo platformalarida kuch-quvvati uzoqqa dosh beradigan Doogee BL12000 smartfoni sotuvga chiqarildi. Smartfondagi "jiddiy akkumulyator"ning elektr toki sig‘imi 12000 mA soat. Aniqrog‘i, smartfon "borti"dan o‘rin olgan 2 ta "quvvat toshi"ning har biri o‘zida 6000 mA soat tokni jam qilish imkoniga ega bo‘lgan.

Shu bilan birga, o‘lchami 162 x 74,7 x 14 mm bo‘lgan smartfon 300 gramm tosh bosadi. Ishlab chiqaruvchining ma’lum qilishicha, bu quvvat mobil gadjetga "kutish rejimi"da yurganda yarim oyga yetadi. Tinimsiz suhbat qurganda esa gadjetdan 48 soat uzluksiz foydalanish mumkin.

Shuningdek, to‘liq quvvat 25 soat yordamida to‘xtovsiz video tomosha qilish imkonini beradi. Shuningdek, Doogee BL12000 tezkor quvvat olish (12V/3A) texnologiyasiga ega bo‘lgan. Har ikkala akkumulyator 4 soat ichida quvvatini 100% ga to‘ldiradi.

Doogee BL12000'ning qolgan jihatlari ham yomon emas: 6,0 dyuymli displeyning tomonlar nisbati zamonaviy -- 18:9 standartli. Displeyning piksellar sig‘imi 2160 x 1080 belgiga teng va ekran 2,5D effektiga ega shisha bilan himoyalangan.

Devaysga MediaTek MT6750T protsessori, 4 Gb operativ xotira, 32 Gb doimiy xotira o‘rnatilgan. Gibrid bo‘lmachaga sim-karta yoki xotira fleshkasi qo‘yish mumkin.

Bosh kamera qo‘sh -- 16 Mp hamda 13 Mp sensorlaridan iborat. Old kamera ham qo‘sh -- 16 Mp va 8 Mp aniqligidagi datchiklar o‘rnatilgan. Smartfon qadoqdayoq Android 7.0 Nougat operatsion tizimida faoliyat ko‘rsatadi.

Ayni paytda Doogee BL12000 qora hamda ko‘k rangli korpusda $210 AQSh dollaridan sotilmoqda.

Shu bilan birga, tez orada bozorga BL12000'ning yanada takomillashgan -- Doogee BL12000 Pro talqini ham sotuvga chiqarilishi ma’lum qilingan. Unga yap-yangi MediaTek Helio P23 protsessori o‘rnatiladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!