16 MPlik selfi-kamerali Moto X4 taqdimot sanasiga oz qoldi!

  •   DiMaX
  •  952
  •  30.08.2017 11:49

16 MPlik selfi-kamerali Moto X4 taqdimot sanasiga oz qoldi!

Motorola brendi ostida ishlab chiqariladigan navbatdagi smartfon – Moto X4 modelining qachon namoyish etilishi aniqlandi. Kompaniyaning Filippin uchun ochilgan Facebook sahifasida ma’lum qilinishicha, devaysning relizi shu yilning 2 sentyabrida bo‘lib o‘tadi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Moto X4 «o‘rta darajadagi flagman» bo‘ladi. Uning AMOLED-displeyi o‘lchami diagonaliga 5,2 dyuymni tashkil etadi, ekran Full HD (1920 x 1080 pikselli) sifatga hamda Corning Gorilla Glass himoya oynasiga ega.

Barmoq izi skaneri bilan jihozlangan ushbu gadjet IP68 standarti bo‘yicha chang va suvdan himoyaga ega ekanligi ham aytilayotir. Kamera masalasida esa kompaniya o‘ziga xos yondashuv qilgan. Moto X4’ning asosiy kamerasi 12+8 megapiksellik ikkita ob’yektivga ega. Selfilar uchun esa unga naq 16 megapikselli old kamera o‘rnatilgan.

Smartfon o‘zaro sal farqlari bo‘lgan to‘rtta xalqaro versiyada ishlab chiqariladi. Ularning barchasida sakkiz yadroli Qualcomm Snapdragon 630 protsessori hamda Adreno 508 grafik tezlatgichi asosida ishlaydi. Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerika uchun chiqarilgan talqinlarda smartfon 3 GB tezkor hamda 32 GB ichki flesh-xotiraga ega. Osiyo va Tinch okeani mintaqasi uchun esa Moto X4’ning 4 GB tezkor va 64 GB doimiy flesh-xotiraga ega variantlari taqdim etiladi.

Moto X4’ning akkumulyatori 3000 mA/soat sig‘imga ega hamda Turbo Charging texnologiyasini qo‘llab-quvvatlovchi bo‘lishi aytilayotir. Uning ikkita SIM-karta sloti mavjud, 4G VoLTE standartini qo‘llab-quvvatlaydi. Simsiz aloqa borasida esa Wi-Fi (802.11 ac), Bluetooth 4.2, GPS va GLONASS interfeyslarini sanab o‘tish mumkin.

Smartfoning o‘lchamlari 148,35 x 73,4 x 7,99 millimetrni, vazni esa 163 grammni tashkil etadi. U Android 7.1 Nougat operatsion tizimi boshqaruvi ostida ishlaydi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!