16000 mA/soatlik akkumulyatorga ega Energizer Power Max P16K Pro’ning ilk suratlari

  •   DiMaX
  •  2012
  •  27.02.2018 11:49

16000 mA/soatlik akkumulyatorga ega Energizer Power Max P16K Pro’ning ilk suratlari

Energizer kompaniyasi asosan turli akkumulyatorlar, quvvat tashuvchilar ishlab chiqarishi bilan tanilgan. Ammo bu yil u barchani dunyodagi eng sig‘imdor batareyaga ega smartfoni bilan lol qoldirishga ahd qildi.

O‘QING: Bunaqasi bo‘lmagan: naq 16000 mA/soatlik akkumulyatorga ega smartfon!

MWC 2018 anjumanida ishtirok etayotgan Energizer kompaniyasi stendida uning mana shu – Power Max P16K Pro rusumli smartfoni prototipi namoyish etilmoqda. Afsuski, bu faqat prototip, ko‘rgazmada uni hatto yoqib ham ko‘rsatishmagan.

Mazkur devaysning asosiy o‘ziga xosligi – 16000 mA/soat sig‘imga ega batareyasidir. Ma’lum qilinishicha, USB Type-C orqali uning quvvatga to‘ldirilishi uchun 90 daqiqa kerak bo‘ladi.

Biroq uning to‘la quvvati bilan devays qancha muddat ishlay olishi, ya’ni smartfonning avtonomlik muddati aniq aytilmagan. Taxminlarga ko‘ra, Power Max P16K Pro bitta to‘la quvvat bilan kutish rejimida 40 kungacha, faol qo‘llanishda esa uzluksiz 2 sutka ishlaydigan bo‘ladi.

Afsuski, shunday «bag‘rikeng» batareyaga ega smartfonga bitta narsa yetishmayapti: u boshqa gadjetlarni quvvatlash uchun poverbank vazifasini o‘tay olmaydi. Holbuki, boshqa smartfonsozlarning sig‘imdor akkumulyatorga ega bo‘lgan ayrim telefonlarida shunday funksiya mavjud.

O‘QING: Batareyasi baquvvat smartfonlar

Qurilma ekranining o‘lchami diagonaliga 5,99 dyuymni, displeyining piksellar sig‘imi esa 2160x1080 pikselni tashkil etadi.

Smartfonning «elektron yuragi» sifatida MediaTek Helio P25 protsessori xizmat qiladi. Tezkor xotirasi 6 GB, doimiy flesh-xotirasi esa 128 GB hajmga ega.

Power Max P16K Pro’ning yana bir kuchli tomoni – har ikkala kamerasi ham ikkitadan modulga ega. Asosiy kamera 16 va 13 megapikselli, selfi-kamera esa – 13 hamda 5 megapikselli datchiklarni o‘z ichiga olgan. Orqa panelda qo‘shaloq kameraning yonida fotochaqnoq, ostida esa barmoq izi skaneri joylashgan.

Anjumanda smartfonning o‘lchamlari va vaznini aniqlash imkoni bo‘lmagan, ishlab chiqaruvchi tomonidan ham bunaqa ma’lumotlar berilmagan. iPhone X bilan solishtirish natijasiga ko‘ra, Energizer Power Max P16K Pro qalinligi 15 millimetr, vazni esa 300-350 gramm atrofida.

Tadbirda bu gadjetni qo‘liga olib ko‘rgan jurnalistlarning ta’kidlashlariga ko‘ra, Power Max P16K Pro korpusining shakli qulayligi sababli, uning bahaybatligi va og‘irligi uncha sezilmaydi.

Aytib o‘tish kerakki, Energizer kompaniyasi MWC 2018 anjumanida namoyish etgan gadjet Power Max P16K Pro smartfonining o‘zi emas, balki prototipidir. Uning to‘laqonli rasmiy taqdimoti qachon bo‘lishi, shuningdek, narxi ham hozircha noma’lum. Aftidan, bu smartfonni Energizer bitta maqsadda – brendning boshqa mahsulotlariga, kompaniyaning o‘ziga ko‘proq e’tiborni jalb etish uchun yaratgan bo‘lsa kerak.

O‘QING: Romsiz Oukitel K10 eng sig‘imdor – naq 11000 mA/soatlik akkumulyatorga ega! (+video)