192 yevrolik Meizu 15 Lite haqida yangi ma’lumotlar va «jonli» suratlar!

  •   DiMaX
  •  1411
  •  11.04.2018 10:49

192 yevrolik Meizu 15 Lite haqida yangi ma’lumotlar va «jonli» suratlar!

Meizu kompaniyasi o‘zining yubiley smartfonlarini taqdim etadigan kun yaqinlashgani sayin, ular haqida tobora yangi ma’lumotlar paydo bo‘layotir. Jumladan, kuni kecha bu uchlikning «kenja»si – Meizu 15 Lite modelining rasmi hamda u haqidagi yangi ma’lumotlar tarqaldi.

O‘QING: Meizu «selfibop» yubiley smartfonlarining taqdimot kunini aytdi

Xitoydagi manbalarning xabariga ko‘ra, Meizu 15 Lite modelining narxi 192 yevro atrofida bo‘lar ekan. Snapdragon 660 protsessori bazasida ishlovchi bu qurilmaning tezkor xotirasi 6 gigabaytgacha, doimiy xotirasi esa 128 gigabaytgacha bo‘ladi. Ammo yuqoridagi ko‘rsatilgan narx uning 3/32 gigabaytlik talqiniga tegishli bo‘lsa kerak.

Shuningdek, «kenja botir»ning «jonli» fotosuratini ham e’lon qilishdi. Mana, uning old va orqa tomonidan olingan rasmlari:

Ko‘rib turganingizdek, ushbu modelning asosiy kamerasi yakka modulli, uning fotochaqnog‘i esa noan’anaviy – halqasimon ko‘rinishda. Selfi-kamera bo‘lsa ekran tepasida, gorizontaliga olganda qoq o‘rtasida joylashgan.

Meizu 15 Lite displeyi diagonaliga 5,46 dyuymlik bo‘lib, piksellar sig‘imi 1920x1080 pikselga teng. Har uchala smartfonning namoyish 22 aprelda bo‘lib o‘tishi kutilayotir.

Aytish kerakki, yaqindan buyon mazkur kompaniyaning turli qurilmalari O‘zbekiston bozorlarida ham kafolat bilan rasman savdoga chiqarilgan.

O‘QING: Bir yillik kafolatli Meizu M6 Note narxlari (2018 yil 10 aprel)