1Password ilovasida barcha parollarni vaqtincha o‘chirish imkoniyati paydo bo‘ldi

  •   DiMaX
  •  1012
  •  25.05.2017 11:54

1Password ilovasida barcha parollarni vaqtincha o‘chirish imkoniyati paydo bo‘ldi

Ommabop parollar menejeri – 1Password ilovasida endi yangi imkoniyat paydo bo‘ldi. Endi bitta tugmani bosish bilan maxfiy ma’lumotlarni o‘chirib turish mumkin bo‘ldi. «Sayohatlar rejimi» deb ataluvchi bu funksiya foydalanuvchining ma’lumotlarini safarlar chog‘ida, masalan, xorijga chiqqanda himoyalashga mo‘ljallangan.

1Password sizning shaxsiy ma’lumotlaringizni muhofaza etadi. Agarda biror zarur sabab bilan telefoningizni birovga berib turishga to‘g‘ri kelib qolsa, parollaringiz va to‘lov ma’lumotlaringiz xavf ostida qolishi mumkin. Bunaqa vaziyatlarda «Sayohatlar rejimi» bitta muammoni hal etadi: u parollar saqlanuvchi himoyagohni himoyalangan qilib belgilab qo‘yadi.

Agarda yangi rejim brauzer orqali yoqilsa, unda shunday belgiga ega barcha himoyagohlar akkauntingizga bog‘langan qurilmalardan o‘chirib qo‘yiladi. Birorta telefonda yoki planshetda parollaringiz qolmaydi, shu sababli ularni kimdir ko‘rishi va foydalanishi imkoni nolga tenglashadi. «Sayohatlar rejimi» o‘chirilganidan keyin esa yashirilgan barcha parollar yana devayslarda paydo bo‘ladi.

Aytib o‘tish kerakki, kiritilgan bu yangilikning bitta noqulay tomoni ham bor. Gap shundaki, uni faollashtirgan paytingizda ayrim ma’lumotlaringizni o‘zingiz ham ko‘ra olmaysiz. Shu sababli, agarda xorijga chiqadigan bo‘lsangiz, eng kerakli parollaringizni saqlash uchun telefoningizda alohida himoyagoh yaratib olganingiz ma’qul.

1Password ilovasini iOS hamda Android tizimli qurilmalar uchun yuklab olib, bir oy mobaynida bepul versiyasini ishlatish mumkin, keyin esa 1Password.com saytida obunani rasmiylashtirishingiz kerak bo‘ladi. «Sayohatlar rejimi» ham faqatgina 1Password obunachilariga taqdim etiladi. Shaxsiy obuna narxi oyiga 3 AQSh dollarini, besh kishi uchun oilaviy obuna narxi esa oyiga 5 dollarni tashkil etadi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!