20 megapikselli selfi-kameraga ega smartfon chiqdi!

  •   DiMaX
  •  1338
  •  04.07.2017 14:07

20 megapikselli selfi-kameraga ega smartfon chiqdi!

Selfisevarlar uchun ajoyib smartfon – Hisense H10 modeli taqdim etildi. Uning asosiy afzalliklaridan biri – 20 megapikselli old kamerasidir, deya xabar beradi GizmoChina.

Mazkur selfi-kamera o‘ta yuqori sifatli avtoportretlar suratga olish imkonini beradi. Buning ustiga, old panelida chaqnoq ham mavjudligi gadjetning yana bir ustunligi, deya baholanmoqda. Korpusning orqa panelidagi kamera esa 12 megapikselli Sony IMX386 datchigiga va chaqnoqqa ega.

Smartfon Qualcomm Snapdragon 430 protsessori asosida ishlaydi. Ushbu chip 1,4 GGs.gacha takt chastotasida ishlovchi sakkizta ARM Cortex-A53 yadrosini hamda Adreno 505 grafik tezlatgichini o‘zida jamlagan. Bu protsessor 4 gigabaytlik tezkor xotira bilan birgalikda smartfonning yuqori darajadagi samaradorligini ta’minlay oladi. Qurilmaning o‘ziga o‘rnatilgan LTE Cat 4 modemi esa, internet orqali 150 Mbit/s.gacha tezlikda ma’lumot uzatishga imkon beradi. Foydalanuvchini barmoq izidan tanish uchun daktiloskopik skaner mavjud.


Hisense H10 ekrani 1920×1080 pikselli (Full HD formatli) bo‘lib, o‘lchami diagonaliga 5,5 dyuymni tashkil etadi. Devaysning o‘lchamlariga kelsak, uning korpusi tomonlari 154,56×77,76×7,2 millimetrga, vazni esa 155 grammga teng. Akkumulyatorining sig‘imi 3500 mA/soatni tashkil etadi.

Smartfonning ichki flesh-xotirasi hajmi 64 gigabaytga teng, unga microSD xotira kartasini o‘rnatish imkoni bor. Micro-USB porti va quloqchin uchun 3,5 millimetrlik tirqishi mavjud. Hisense H10 devaysi Android 7.1 operatsion tizimi asosidagi Hisense Vision UI ustqurmasi asosida ishlaydi.

Hisense H10 qurilmasi uchun allaqachon 340 AQSh dollari hajmidagi narxda oldindan buyurtma berish ham yo‘lga qo‘yilgan.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!