2017 yilning o‘nta mobil trendi

  •   DiMaX
  •  1478
  •  04.04.2017 13:39

2017 yilning o‘nta mobil trendi

Kuzatuvchilarga ko‘ra, 2016 yili jahon bo‘ylab smartfonlar savdosi jiddiy sustlashgan. Demak, mobil qurilmalar bozori birmuncha «to‘yindi», endi iste’molchilarning e’tiborini tortish uchun ishlab chiqaruvchilar jiddiyroq bosh qotirishlariga to‘g‘ri keladi. Bunda esa yangi devayslarga yangicha – oldingilarida bo‘lmagan texnologiyalarni joylash zarurati tug‘ilmoqda.

Xullasi kalom, mutaxassislarning fikricha, joriy yilda smartfonlar bozorida bizni qanday trendlar kutayotganiga bir nazar solamiz.

Yangicha dizayn

O‘n yillardan beri smartfonlarning tashqi ko‘rinishi aytarli o‘zgargani yo‘q. Ammo keyingi vaqtlarda texnologiyalar mazkur yo‘nalishda ham o‘zgarishlar qilishga imkon yaratadi va bunga intilayotganlar ham bor. Masalan, o‘tgan yili Moto Z hamda LG G5 modellari modulli dizayni bilan hayratga soldi. 2017 yili esa Samsung buklanadigan ekranli smartfon chiqarishi taxmin qilinayotir. Bunda diagonali 5 dyuym displeyli smartfon yoyilib, 7 (yoki 8) dyuymli planshetga aylanadi. Bundan tashqari, mazkur kompaniya allaqachon – SID 2016 ko‘rgazmasida xuddi rulon kabi o‘raluvchi OLED-ekranni namoyish etgan.

Samarador chipsetlar

Bu yili mobil protsessorlar 10-nm.lik texnologiyalarga o‘tib olishadi. Ilg‘or modellarga Samsung bilan hamkorlikda Qualcomm tomonidan ishlab chiqarilgan Snapdragon 835 chipseti qo‘yiladi. Yangi Cortex-A73 yadrolari Cortex-A72’ga nisbatan 30 foizga samaradorroq bo‘ladi, bu esa ularning energiya samaradorligini ham shunchalik oshiradi. Ayrim ishlab chiqaruvchilar esa o‘z flagmanlari uchun Mediatek Helio X30 chipsetini tanlashlari mumkin. U ham xuddi shunday nozik texnologik jarayon asosida ishlangan va o‘nta yadrodan iborat.

Virtual reallik

Protsessorlarning samaradorligi virtual reallik ilovalari uchun juda ham kerak. Google kompaniyasi kartondan ishlangan arzon Cardboard’dan yangi shlem – plastik va tekstildan ishlangan View’ga o‘tdi. Shuningdek, mobil qurilmalar uchun kuchaytirilgan VR-dvijok – Daydream’ni ham ishga tushirdi. Bu yili ko‘pchilik gadjetlar uni qo‘llab-quvvatlashi kutilayotir. Hozircha esa faqat Pixel va Pixel XL smartfonlari egalarigina virtual reallik olamiga sho‘ng‘iy olishadi.

Tezkor LTE tarmog‘i

Bu tarmoqlarda ma’lumotlar uzatish tezligi 1 Gbit/coniyagacha yetadi. Bu esa, mobil internet tezligi an’anaviy simli internet ulanmasidan ham oshadi, degani. LTE Category 16 tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlay oladigan ilk qurilma Netgear Mobile Router MR1100 bo‘lib, u yangi Snapdragon X16 chipi asosida yaratilgan.

USB Type-C

Yangi chiqadigan Android-qurilmalarda ham micro-USB 2.0 o‘rnini endi butkul USB Type-C egallab oladi. Bu o‘ta moslashuvchan interfeys bo‘lib, quvvatlagichlardan tashqari, uning yordamida mobil devayslarni monitor, quloqchin va tashqi xotira saqlagichlariga ham ulash imkoni mavjud.

Tezkor quvvatlash

Yangi USB Type-C standarti smartfonlarni yanada tezroq quvvat olishlariga ham sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, Qualcomm Quick Charge 4.0 texnologiyasini qo‘llab-quvvatlovchi qurilmalar ham chiqish arafasida. Uning yordamida 5 daqiqa quvvatlangan akkumulyator naq 5 soatga yetadigan quvvat to‘playdi.

Simsiz ovoz uzatish

Nihoyat, hamisha chalkashib yuruvchi simli quloqchinlardan qutuladigan payt ham kelyapti. Audio-quloqchinlarga mo‘ljallangan 3,5 millimetrlik tirqishdan birinchi bo‘lib Apple voz kechdi – iPhone 7’da bunaqa port yo‘q. Endi bora-bora boshqalar ham quloqchinga ovoz uzatish uchun Bluetooth yoki USB Type-C interfeyslaridan foydalanishga o‘tadilar.

Bluetooth 5

Vaqt sinovidan o‘tgan Bluetooth’ning tezligi va ishonchliligi mazkur texnologiyaning yaqinda tasdiqlangan beshinchi versiyasida yanada oshdi. Unda chastotalar diapazoni to‘rt barobarga kengaydi, tezligi esa ikki karraga  o‘sdi. Endi keyingi ishlab chiqariladigan smartfonlarga shu texnologiyani joriy etish tendensiyasi kuchayadi.

Xotira hajmining kengayishi

Balki, smartfon va planshetlarga o‘rnatish mumkin bo‘lgan, bir terabayt hajmli SSD’lar ham shu yili ishlab chiqilar. Hozircha ichki xotiraning maksimal hajmi 256 GBni, xotira kartasi hajmi esa – 512 GBni tashkil etmoqda. Biroq o‘tgan yiliyoq SanDisk 1 TB hajmli SD-karta prototipini namoyish etdi. Samsung ham shunaqa hajmli SSD-xotira ishlab chiqdi. Ular V-NAND chiplari asosida ishlangan va ikki kvadrat santimetrga yaqin kattalikka ega.

Qo‘shaloq kameralar

Ikkita modulli – qo‘shaloq kameralar ayrim ishlab chiqaruvchilarning flagman modellarida odatiy holga aylanib ulgurdi. 2017 yili ularga Sony ham qo‘shilmoqda. Bundan tashqari, hamyonbop narx toifasiga mansub ayrim qurilmalarda ham shu holga guvoh bo‘layotirmiz. Bu yechim mobil suratga olish sifatini anchagina oshiradi.

Bularga birinchilar qatorida guvoh bo‘lish uchun esa bizdan uzoqlashmang!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.